Qozog‘iston G‘azo aholisi uchun oziq-ovqat yordami dasturini taklif qildi

Olam

image

Qozog‘iston hukumati G‘azo sektori aholisiga oziq-ovqat bilan bog‘liq gumanitar yordam dasturini amalga oshirish uchun Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom hamkorlik tashkilotidan foydalanishni taklif qilmoqda. Bu haqda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) navbatdan tashqari qo‘shma sammitida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu ma’lum qildi.

“Qozog‘iston barcha xalqaro va gumanitar tashkilotlarni G‘azo sektoridagi hozirgi o‘ta og‘ir vaziyatga aralashishga chaqiradi. Shuning uchun biz oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkilotining mavjud mexanizmidan G‘azo aholisi uchun favqulodda gumanitar oziq-ovqat dasturini amalga oshirishni taklif qilamiz", degan Nurtleu. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, IHTga a’zo davlatlar ushbu institutdan gumanitar ofat oqibatlarini yumshatish va jabrlangan hududlarda yashash sharoitlarini tiklash uchun foydalanishi mumkin.

TIV rahbari hozirda G‘azo sektorida bo‘lgan Qozog‘istonning 150 dan ortiq fuqarosi, jumladan, ayollar va bolalar Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali hududni tark eta olmayotganidan xavotir bildirdi. U Misr va barcha manfaatdor tomonlarni Qozog‘iston fuqarolari, ularning oila a’zolari va boshqa xorijliklarni G‘azo sektoridan evakuatsiya qilishga ruxsat berishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston respublika fuqarolari Rafahdan o‘tishga ruxsat berilgan zahoti darhol ularni o‘z vataniga qaytishini ta’minlash choralarini ko‘rgan.

Ma’lumot uchun, kecha, 11 noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Falastin iltimosiga binoan chaqirilgan Arab Ligasi va IHTning navbatdan tashqari qo‘shma sammiti ochilgan. Sammit Yaqin Sharqdagi mojaroning hozirgi avj olishi bo‘yicha arab va Islom davlatlarining jamoaviy pozitsiyasini ishlab chiqish maqsadida o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur sammitda qatnashgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azoni tiklash uchun fond tuzishni taklif qilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston G'azo yordam dasturi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing