Qozog‘iston Chegara xizmatining sobiq rahbari qamaldi
Olam
−
26 dekabr 2023
6848Qozog‘iston chegara xizmatining sobiq direktori Darxon Dilmanov mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Olmaota garnizoni harbiy sudi uni o‘z vakolatini suiiste’mol qilish va yirik miqdorda pora olishda aybdor deb topdi. Bu haqda “Kursiv.media” xabar berdi.
Jinoyatda bir necha kishi ishtirok etgan. Sudda aniqlanishicha, ulardan biri Dilmanovga ma’lum daromad va’da qilib, Xitoydan Qozog‘istonga tovarlar olib kirish bo‘yicha noqonuniy sxemada ishtirok etishni taklif qilgan. Dilmanov rozi bo‘lgan.
“Xitoydan Qozog‘iston Respublikasiga tovarlarni nazorat-o‘tkazish punkti orqali uning chegarasidan chiqmasdan, umumiy navbatni chetlab o‘tmasdan o‘tkazish bo‘yicha noqonuniy sxema amalga oshirilganligi sababli 1750 marta aylanish amalga oshirilgan, bu esa katta zararga olib kelgan”, deyiladi sud xabarida.
Sudlanuvchilarning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, harbiy nizomning xulosalari, ekspertiza va hujjatli tekshirish aktlari bilan isbotlangan. Dilmanov va boshqa sudlanuvchilar, bittasidan tashqari, o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishlariga pushaymon bo‘lishgan.
Ayblanuvchilardan biri besh yilga ozodlikdan mahrum etilib, ikkinchisi pora miqdorining 30 barobari, ya’ni 38 million tengedan (deyarli 83 ming dollar) ortiq jarimaga tortilgan.
Qolgan ayblanuvchilar 3,5 yildan 5,5 yilgacha bo‘lgan muddatga, mol-mulki musodara qilinmagan holda, ozodlikdan mahrum qilingan. Barcha sudlanganlar davlat xizmatida lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum etiladi.
Shuningdek, sud Qozog‘iston Prezidentiga Dilmanovni general-leytenant harbiy unvoni, davlat mukofoti – 2-darajali “Aybin” ordeni va “Respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi faxriysi” faxriy unvonidan mahrum etish to‘g‘risida taklif kiritgan.
Darxon Dilmanov 2015 yil iyunidan 2022 yil apreligacha Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – Chegara xizmati direktori lavozimida ishlagan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15