Qozog‘iston bug‘doy va un eksportini chekladi
Olam
−
08 iyul 2022
15646Bugun, 8 iyuldan boshlab Qozog‘iston bug‘doy, un va kungaboqar urug‘larini eksport qilishga cheklovlar kiritdi. Bu haqda mamalakat Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan hujjatda keltirilgan.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo respublikasining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan mazkur cheklovlar 8 iyuldan 30 sentyabrgacha amal qiladi.
Hujjatga muvofiq, 30 sentyabrga qadar un, meslin va javdar uni eksportiga miqdoriy cheklovlar kiritilgan. Xususan, belgilangan vaqtga qadar uchinchi davlatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga 550 ming tonna bug‘doy va meslin hamda 370 ming tonna bug‘doy va bug‘doy-javdar unini eksport qilish mumkin. Maksimal 15 ming tonna kungaboqar urug‘ini ham mamlakatdan olib chiqilishiga ruxsat berilgan.
Qozog‘iston hukumati oxirgi marta aprel oyida don va un olib chiqish uchun kvotalar joriy qilgan edi. 15 iyungacha mamlakatdan 1 million tonnadan oshiq bug‘doy yoki meslin, shuningdek, 300 ming tonnadan ko‘p un olib chiqish mumkin emasdi.
Bundan tashqari, mamlakat mart oyida shakar va g‘alla eksportini to‘xtatgan. Iyun oyida esa Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xorijga don yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni kuzgacha uzaytirish rejasini e’lon qilgan edi. Buni qarorni respublika bug‘doyni an’anaviy bozor sifatida birinchi navbatda qo‘shni respublikalarga yetkazib berish niyatida ekanligi bilan izohlagan edi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston bug‘doy va bug‘doy unining katta hajmi (taxminan 90 foizi)ni Qozog‘istondan import qiladi. Xususan, mamlakat yanvar-may oylarida 158,4 ming tonna bug‘doy uni import qilgan bo‘lsa, shuning 153,4 ming tonnasi qo‘shni Qozog‘istondan kirib kelgan.
LiveBarchasi