Qozog‘iston aviakompaniyalariga Eron ustidan parvoz qilmaslik tavsiya etildi

Olam

image

Yaqin Sharqdagi harbiy vaziyat keskinlashgani sababli Qozog‘iston aviakompaniyalariga Eron havo hududi orqali parvoz qilmaslik tavsiya qilindi. Bu haqda mamlakatning Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi xabar berdi.

“Qozog‘iston aviakompaniyalariga Eron havo hududi orqali parvoz qilmaslik va muqobil yo‘nalishlarni tanlash, shuningdek, tegishli mintaqada parvozlar bo‘yicha avval berilgan ko‘rsatmalar va tavsiyalarga amal qilish tavsiya etiladi”, deyilgan xabarda.

“Air Astana” aviakompaniyasi Dubayga parvozlarni Eron havo hududini aylanib o‘tib amalga oshirishini ma’lum qildi. Ostona va Olmaotadan Dubayga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirish parvoz vaqtini oshiradi.

Aviakompaniya Jiddaga reyslarni o‘zgartirishlarsiz amalga oshiradi, biroq mojaro avj olgan taqdirda, bu boradagi fikrni qayta ko‘rib chiqishga tayyor.

“Fly Arystan” Yaqin Sharqdagi vaziyat ularning xalqaro va charter reyslari jadvaliga ta’sir qilmasligini qo‘shimcha qildi, chunki ular Eron havo hududi va boshqa taqiqlangan hududlardan o‘tmaydi.

Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi Isroil diplomatik ob’ektlari qanday himoyalanganligini tushuntirdi.

“Elchixonalar har doim politsiya himoyasida. Barcha diniy obidalar ham uzoq vaqtdan beri ichki ishlar organlari nazorati ostida bo‘lib, patrul yo‘nalishlari bu joylarga yaqin joylashgan. Bundan tashqari, tezkor boshqaruv markazlari kameralari yordamida qo‘shni hududda videokuzatuv amalga oshirilmoqda”, deyiladi departament xabarida.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni tunda Eron Isroilga qarshi katta hujum uyushtirgandi. Isroil Mudofaa kuchlari Erondan Isroilga ballistik raketalar uchirilganini aytdi. Tel-Avivda, O‘lik dengiz yaqinida, mamlakat janubida va Sharon mintaqasida ko‘plab shrapnel va raketa zarbalari qayd etilgan.

Bu hujumni tarixdagi eng yirik hujum deb atagan Isroilning “The Jerusalem Post” gazetasiga ko‘ra, Isroilga jami 500 ga yaqin raketa uchirilgan. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon raketa zarbasi Eron manfaatlari va fuqarolarini himoya qilish uchun yo‘llanganini aytdi. U 1 oktyabrdagi operatsiya "Eron kuchining faqat bir qismi" ekanini ta’kidladi. Iordaniya AQSH kuchlariga arab mamlakati havo hududida Eron raketalarini urib tushirishga ruxsat berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Yaqin Sharq aviakompaniyalar Fuqaro aviatsiyasi qo'mitasi “Air Astana” “Fly Arystan”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing