Qozog‘iston Aqtauda qulagan samolyot qora qutisini Braziliyaga yuboradi

Olam

image

Joriy yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 samolyotining bort yozuvlari (qora quti) tahlil qilish uchun Braziliyaga yuboriladi. Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi xabar berdi.

“Qora qutilarni Braziliyadagi Aviatsiya hodisalarini o‘rganish va oldini olish markaziga (CENIPA) yuborish qarori qabul qilindi. Chunki, Braziliya ushbu samolyotni ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Chikago konvensiyasiga ko‘ra, aviatsiya hodisasi bo‘yicha tergovni amalga oshiruvchi mamlakat qora qutini tahlil qilish uchun davlat tanlash huquqiga ega. Uni Braziliyaga yuborish qarori Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tavsiyalari, shuningdek, Rossiya va Ozarbayjon bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijasida qabul qilingan.

Bildirilishicha, mazkur qaror qora qutini tahlil qilish jarayonining yuqori darajada ishonchliligini va samolyot ishlab chiqaruvchisi tajribasidan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, Embraer 190 samolyoti Braziliyaning Embraer S.A. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Embraer dunyodagi yetakchi regional va biznes-aviatsiya samolyotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lib, u 1969 yilda Braziliyada tashkil etilgan. Kompaniya o‘zining E-Jet seriyasi, jumladan Embraer 190 va boshqa samolyotlari bilan mashhur. Bu samolyotlar o‘rta masofalarga mo‘ljallangan va regional aviatsiya bozorida keng qo‘llaniladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliya harbiy-havo kuchlari tergovchilari Ozarbayjon samolyotining qulashi sabablarini aniqlashda ishtirok etishi xabar qilingan edi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Braziliya Aqtau Embraer 190

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing