Qozog‘iston AES qurilishida yetakchi sifatida “Rosatom”ni tanladi

Olam

image

Qozog‘iston Atom energetikasi agentligi xalqaro ekspertlar ishtirokida mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium rahbari sifatida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasini tanladi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, atom sanoati rivojlanishi bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishi natijasida “Rosatom”ning Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha loyihasi eng maqbul va foydali deb topilgan. Tanlov xalqaro kompaniyalar ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lib, Fransiyaning Assystem muhandislik kompaniyasi ham ishtirok etgan. Ekspertlar potentsial yetkazib beruvchilarning reaktor texnologiyalari va boshqa ishlanmalarini, jumladan xavfsizlik, texnologik va moliyaviy jihatlar, xalqaro tajriba, kadrlar tayyorlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi kabi mezonlar bo‘yicha baholagan.

“Rosatom”dan keyingi o‘rinlarni Xitoyning China National Nuclear Corporation (CNNC), Fransiyaning Electricite de France va Janubiy Koreyaning Korea Hydro & Nuclear Power kompaniyalari egallagan.

Vazirlikning xabar berishicha, hozirda “Rosatom” takliflari asosida Rossiya tomonidan davlat eksport moliyalashtirishini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Qozog‘iston Atom energetikasi agentligi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatdagi birinchi AESni qurish bo‘yicha samarali xalqaro konsorsiumni shakllantirish ustida ishlashni davom ettiradi.

Bungacha CNNC kompaniyasi AESning umumiy quvvati 2,4 Gvt bo‘lgan ikki energoblokini 5,47 milliard dollarga qurishga tayyorligini bildirgandi – bu Qozog‘iston Energetika vazirligi baholagan dastlabki qiymatdan (10-15 milliard dollar) kamida ikki baravar arzon. Xitoy kompaniyasi texnologiyalarni ulashish va Qozog‘istonga yadro yoqilg‘isi siklini to‘liq boshqarish imkonini berishni ham taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr oyida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilgandi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, loyihani saylovchilarning 71,12 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning aytishicha, birinchi AES 2035 yilgacha ishga tushiriladi. Qurilish Olmota viloyatining Jambil tumani Ulken qishlog‘ida – Balxash ko‘li sohilida amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rosatom AES Qozog'iston Energetika vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing