Qozog‘istonda tug‘ilgani uchun 4 ming dollar olgan bolalar qanday oilalarda dunyoga keldi? (foto)
Bu qiziq
−
17 noyabr 2023
1057514 noyabr kuni Qozog‘istonning besh viloyatida tug‘ilgan uch o‘g‘il va ikki qiz mamlakatning eng mashhur bolalariga aylandi. Ularning tug‘ilishi tufayli Qozog‘iston aholisi 20 milliondan oshdi. Hozirda mahalliy nashrlar ularni “yubiley” chaqaloqlar deb atamoqda.
Olimxon
Qozog‘istonning 20 millioninchi aholisidan biri Turkiston viloyatining Jetisoy tumanida tug‘ilgan. Bolaga Olimxon deb ism qo‘yilgan, uning vazni 3400 gramm, bo‘yi 51 santimetr.
Olimxon Asikat qishlog‘idan Gulmira Iztleuova va Yergali Shakenovlar oilasida to‘rtinchi farzand bo‘ldi. Bolaning onasi Jenis maktabida biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi, otasi esa ishchi.
Viloyat hokimi Darxon Sotibaldi shifoxonada ota-onalar va chaqaloqni tabriklagan. Uning ta’kidlashicha, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yettinchi Qozog‘iston fuqarosi Turkiston viloyatida tug‘iladi.
“Bugungi kunda viloyat aholisi ikki milliondan oshdi. Turkiston viloyati mamlakatda inson kapitalini oshirishga alohida hissa qo‘shmoqda. Bu biz uchun katta g‘ururdir”, degan hokim.
Darhaqiqat, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiston viloyati mamlakatda demografik ko‘rsatkichlari eng yuqori mintaqa hisoblanadi. 2022 yilda bu yerda 57 mingdan ortiq bola tug‘ilgan. Joriy yil boshidan esa 45,5 mingdan ortiq tug‘ilish qayd etilgan. Aytgancha, 20 millioninchi Olimxon bilan bir kunda 139 nafar bola dunyoga kelgan.
Tomiris
Ikkinchi "yubiley" chaqaloq Jezkazgan shahrida tug‘ilgan. Qizning ismini Tomiris qo‘yishgan. U 19 yoshli uy bekasi Aygerim Moldasheva va “Seriktosh” xizmati qutqaruvchisi Sungat Seyitjan oilasining birinchi farzandi.
Shu kuni Jezkazganda yana olti qiz va to‘rt o‘g‘il tug‘ilgan. Ularning barchasiga shahar va viloyat hokimlarining esdalik sovg‘alari topshirilgan.
Muhammad
Yana bir “yubiley” chaqaloq Atirau viloyatida Berik Jumagaziyev va Aydana Orazimbetovalar oilasidagi to‘ng‘ich farzanddir. Bo‘yi 54 santimetr bo‘lgan bolakay 3660 gramm vaznda tug‘ilgan.
Otasining aytishicha, Muhammadning tug‘ilishini xotini bilan to‘rt yil kutgan.
“Bugun ertalab ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning 20 millioninchi fuqarosi dunyoga kelgani haqidagi xabarni o‘qib chiqdim. Ular orasida o‘g‘lim ham bor, deb o‘yladim. Shu payt xotinim qo‘ng‘iroq qilib, xushxabarni aytdi. Farzandimizni to‘rt yildan beri kutamiz. U nafaqat oilamizga, balki butun yurtimizga quvonch keltirdi. O‘g‘lim kelajakda chinakam vatanparvar bo‘lib, Vataniga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishini orzu qilaman”, deydi chaqaloqning otasi.
Yil boshidan buyon Atirau viloyatida jami 14 mingga yaqin bola dunyoga kelgan.
Yasina
Akmola viloyatida tug‘ilgan Yasina ismli qizaloq ham 20 millioninchi bolalar beshligiga kirgan. U Dinara Karenkina va Aidar Isenovlar oilasida ikkinchi farzand. Uni uyda katta akasi kutmoqda.
Qizning onasi 11 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, otasi esa Burabay tumanidagi don qabul qilish punktida bosh energetik bo‘lib ishlaydi.
“Bu bizning oilamiz uchun kutilmagan va juda quvonchli kun! Bu bizning ikkinchi farzandimiz! Hammaga tinch osmon tilayman! O‘z navbatida biz ham farzandlarimizning baxtli oilada, tinch-osoyishta davlatda voyaga yetishiga ko‘maklashamiz”, deydi qizaloqning otasi.
Yil boshidan buyon viloyatda 9,5 mingdan ortiq bola dunyoga kelgan.
Oysulton
Qozog‘istonning yana bir 20 millioninchi fuqarosi Jetisu viloyatining Toldiqo‘rg‘on shahrida tug‘ildi. Bolaga Oysulton deb ism qo‘yishdi.
Oysulton Diana va Muxtor Azimboyevlar oilasida to‘rtinchi farzand. Yangi tug‘ilgan chaqaloqni uyda bir opasi va ikki akasi kutmoqda.
Kichkintoyning onasiga ko‘ra, u o‘g‘lining ismi tug‘ilganidanoq mamlakat tarixiga kirishini tasavvur ham qilmagan.
“Bu katta quvonch va katta mas’uliyat. Erim bilan men uni munosib farzand qilib tarbiyalash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz”, deya ta’kidlaydi u.
Chaqaloqning otasi Toldiqo‘rg‘on harbiy bo‘linmasida ishlaydi.
“Men o‘zim Chimkentdanman. Toldiqo‘rg‘onga navbatchilik bilan keldim, 10 yildan beri shu yerda ishlayman. Bu vaqt ichida Jetisu viloyati mening uyimga aylandi. Shu yerda oila qurdim, farzandlarim shu yerda tug‘ildi. Hozir ko‘p farzandli ota bo‘ldim. Bekorga bu yerni qutlug‘ deyishmagan”, deydi mayor Azimboyev.
Yil boshidan buyon Jetisu viloyatida 10,5 mingdan ortiq chaqaloq dunyoga kelgan.
Ma’lumot uchun, har bir “yubiley chaqaloq”ga mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev nomidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma, "bebi-boks" va aravacha topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘zining X sahifasida mamlakat aholisi 20 million kishiga yetganini e’lon qilgandi. Otbasy Bank tomonidan oilalarga ikki million tengelik (4 ming 313 dollar) sertifikatlar topshirilgandi. Bu pulni depozitga qo‘yish mumkin, keyin esa bolaning ta’limiga yoki uy-joy sotib olishga sarflanishi mumkin.
LiveBarchasi