Qozog‘iston hududiga dron qulab tushdi
Olam
−
20 mart
9030Qozog‘iston hududiga Rossiya qo‘llayotgan “Shahed” dronlariga o‘xshash dron qulab tushdi. Bu haqda “Zakon” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘arbiy Qozog‘iston viloyati politsiya departamenti vakolatli xizmatlar bilan birgalikda Tasqalin tumanida uchuvchisiz uchish apparatiga o‘xshash buyum topilgani bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Ob’ekt aholi punktlaridan uzoqda, chekka hududga qulab tushgan va butun holatda hech qanday shikastlarsiz topilgan.
Guvohlarning aytishicha, uning uzunligi taxminan 3 metrni tashkil qiladi. Korpusidagi yozuvlarga ko‘ra, bu “Geran-2” bo‘lishi mumkin.
“Hozirda voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Geran-2” – bu Eron tomonidan ishlab chiqilgan “Shahed-136” dronining Rossiya xizmatidagi nomi. Shahed-136 – bu o‘z-o‘zidan portlovchi, ya’ni kamikadze uslubidagi dron bo‘lib, uzoq masofadan yer usti nishonlariga hujum qilish uchun mo‘ljallangan. Uning uzunligi taxminan 3,5 metr bo‘lib, qanotlari kengligi 2,5 metrni tashkil etadi. Dron taxminan 50 kg og‘irlikdagi jangovar kallakka ega va taxminan 1 000 km masofani bosib o‘ta oladi.
Rossiya ushbu dronlarni o‘zining “Geran-2” nomi ostida qayta belgilab, Ukraindagi infratuzilma ob’ektlariga qarshi keng qo‘llamoqda. 2024 yil mart oyidan boshlab, Rossiya “Geran-2” droniga termobarik jangovar kallakka ega bo‘lgan yangilangan versiyasini ishlab chiqdi. Ushbu yangilanish kallakning og‘irligini 50 kg dan 90 kg gacha oshirdi, bu esa mustahkamlangan pozitsiyalar va yopiq joylarga qarshi zarbalarni yanada samarali qildi.
LiveBarchasi