Qozog‘iston harbiylari nega Belarusga jo‘natilyapti? Izoh berildi
Olam
−
29 avgust 2023 19372 2 daqiqa
Qozog‘iston harbiylari Belarusdagi KXSHT (Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti) qo‘shma mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Lekin u yerga texnika jo‘natilmaydi va harbiylar Ukraina chegarasidan uzoqda joylashadi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov ma’lum qildi.
Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston harbiy texnikasi Belarusga yuborilgani haqidagi xabarlar tarqalgan. Jaqsiliqov bunday mish-mishlarga izoh bergan.
“Internet maydonida Qozog‘iston zirhli texnika jo‘natgani haqidagi xabarlar soxta. Bugungi kunga qadar barcha texnikalar doimiy joylashtirish punktlarida, faqat 11 kishidan iborat tezkor guruh yuborilgan. Shunga ko‘ra, bu boshqaruv organlarining ishi”, deydi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan joy oldindan tanlangan va jangovar harakatlar ketayotgan Ukraina bilan chegaraga yaqinlikning bunga aloqasi yo‘q.
“Ukrainadagi joylashuvning bunga qanday aloqasi bor? Belarus KXSHT a’zosi bo‘lgan tinch davlat. Qaror o‘tkaziladigan joyda oldindan qabul qilinadi. Hech qanday tahdid va savollar bo‘lishi mumkin emas”, deya izohlagan vazir.
Joriy yilning 1-6 sentyabr kunlari Belarusda “Jangovar birodarlik-2023” qo‘shma tezkor-strategik mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Ochilish marosimi Brest Qahramon qal’asida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manevrlarga jami 3,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va 700 tagacha qurol-yarog‘ va texnika jalb etiladi. Jumladan, Belarusda KXSHT davlatlaridan 2,5 mingtagacha harbiy va 500 tagacha texnika va qurol-yarog‘lar yig‘iladi. Brest, Grodno va Minsk viloyatlaridagi poligonlar va ayrim hududlardan foydalanish rejalashtirilgan.
"Jangovar birodarlik" doirasida bir nechta mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, ulardan birida (“To‘siq-2023”) KXSHTning radiatsiyaviy, kimyoviy, biologik himoyasi va tibbiy ta’minoti tuzilmalarining birgalikdagi harakatlari ishlab chiqiladi.
Live
Barchasi