Qozog‘iston harbiy razvedka bo‘yicha Turkiya bilan kelishib oldi

Olam

image

Qozog‘iston harbiy razvedka sohasida Turkiya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Kecha, 10 may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ushbu hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjat imzolandi. 

Prezident To‘qayev Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 10-11 may kunlari ushbu mamlakatga ilk davldat tashrifini amalga oshirmoqda. Tashrif doirasida ikki mamlakat rahbarlari va delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda 14 yo‘nalishda hamkorlik hujjatlarini imzolashga kelishib olindi. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida quyidagi hujjatlar imzolandi: 

1. Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat arxivlari departamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma;

2. Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi va Turkiya Respublikasi Prezidenti devoni huzuridagi Aloqa departamenti o‘rtasida ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum;

3. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida yuklarni xalqaro aralash tashish to‘g‘risidagi Bitim;

4. Qozog‘iston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida xizmatlar savdosi to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha texnik topshiriq;

5. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida axborot almashinuvini tashkil etish va bojxona nazorati tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi Bitim;

6. Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligining O‘rmon xo‘jaligi va hayvonot dunyosi qo‘mitasi va Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi o‘rtasida o‘rmon xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum;

7. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida karantin va o‘simliklarni himoya qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim. 

8. Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi va Turkiya Respublikasi Sanoat va texnologiyalar vazirligi o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik Memorandumi;

9. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy razvedka sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnoma;

10. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy arxivlar, harbiy tarix, muzeyshunoslik va harbiy nashrlar sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bayonnoma;

11. Qozog‘iston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim;

12. Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi va Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi o‘rtasida kinematografiya sohasida o‘zaro anglashuv Memorandumi;

13. Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligi va Turkiya Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi o‘rtasida yoshlar siyosati sohasida o‘zaro anglashuv Memorandumi;

14. Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi va Turkiya Respublikasi Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi.

Uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning qayd etishicha, bugungi kunda Turkiya siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar taraqqiyotda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Mintaqaviy va global ahamiyatga molik masalalarni hal etishdagi faolligi va qat’iyati tufayli Turkiya jahon sahnasida munosib o‘rin egallagan.

“Shu munosabat bilan, hurmatli Erdo‘g‘an janoblari, sizga farovonlik va kuchli Turkiyani barpo etish rejalarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilayman. Qozog‘iston uchun Turkiya Yevroosiyo qit’asidagi eng muhim va ishonchli hamkorlardan biridir. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiy tarix va ma’naviy merosga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda. Samimiy do‘stligingiz, birodarlik munosabatingizni qozoq hikmati eng yaxshi ifodalaydi: “Do‘stlik boylikdan ulug‘, lekin do‘stlikdan ortiq boylik yo‘q”, deydi To‘qayev. 

O‘z navbatida, Prezident Erdo‘g‘an Qozog‘iston bilan aloqalar strategik sheriklik darajasiga olib chiqilayotganini qayd etgan. Shuningdek, bunda Qozog‘istondagi tinchlik va barqarorlik muhim ekanini aytgan. 

“Biz o‘zaro hamkorlikni kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga olib chiqyapmiz. Turkiya va Qozog‘iston mushtarak tarix, til, din va madaniyatga asoslangan mustahkam aloqalarga ega ikki qardosh davlatdir. Turk xalqi Qozog‘istondagi tinchlik va barqarorlikka katta ahamiyat beradi. Yangi Qozog‘istonni barpo etishdagi g‘ayrat va qat’iyatingiz katta hurmatga loyiqdir. Mamlakatdagi keng ko‘lamli islohotlaringizni qo‘llab-quvvatlashimni bildiraman”, degan Erdo‘g‘an. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat rahbari lavozimini egallagan 2019 yilning mart oyidan buyon ilk bor davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi. Bungacha ushbu mamlakat bilan muloqotni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev davom ettirgan.Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari yig‘ilishlarida ham Qozog‘iston nomidan Nursulton Nazarboyev qatnashgan. 2021 yilning noyabr oyida Istanbulda o‘tgan sammitda esa birinchi bor Qosim-Jomart To‘qayev ko‘rinish berdi. 

Turkiya Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yanvar voqealaridan keyin Nazarboyevni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqqan yagona mamlakat bo‘ldi. Hatto. Nazarboyev joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan "Antaliya diplomatik forumi"ga ham taklif qilindi va Prezident Erdo‘g‘an bilan Qozog‘iston bayrog‘i ostida muzokaralar o‘tkazdi


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Qosim-Jomart To'qaev Qozog'iston-Turkiya

Baholaganlar

25

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing