Qorovulbozordagi qamoqxona rahbarining “zami” mahkumni kaltakladimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Qorovulbozor shahri 17-sonli jazoni ijro etish koloniyasida (JIEKda) mahkumlarga tazyiqlar bo‘layotgani, koloniyaning maxsus bo‘limi tomonidan mahkumlarning murojaatlari qabul qilinmayotganligi hamda Mirzohid ismli mahkum koloniya rahbarining birinchi o‘rinbosari tomonidan kaltaklanib, tishlari sindirilganligi haqida xabar tarqalgandi.

Mazkur holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holat Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Zebuniso Muhammedova tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida 17-sonli JIEKda Mirzohid ismli bir necha mahkum jazo muddatini o‘tayotgani, ular orasida Farg‘ona viloyatidan faqat bir nafar mahkum Mirzohid Botirov borligi aniqlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu mahkum sud hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi bilan aybli deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Ta’kidlanishicha, u 2019 yilning 28 iyul kunidan 17-sonli JIEKda jazo muddatini o‘tab kelmoqda. Hozirda koloniyaning g‘isht ishlab chiqarish sexida ishlamoqda.

“Ombudsmanning mintaqaviy vakili Z.Muhammedova mahkum Mirzohid Botirov bilan shaxsan uchrashib, suhbat o‘tkazganida, u xabarda yozilgan ma’lumotlarni tasdiqlamadi. Mahkum Mirzohid Botirovning so‘zlariga ko‘ra, koloniya xodimlari tomonidan unga nisbatan hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan, hech kim tomonidan kaltaklanmagan va tishlariga ham zarar yetkazilmagan. Shuningdek, u koloniyada unga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘linayotganligini, zarur bo‘lganda tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan kerakli muolajalar qilinib, dori-darmonlar berilayotganligini hamda oylik maoshlarini o‘z vaqtida olayotganligini qayd etgan.

Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan mazkur xabar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida mahkumning tanasida va og‘iz bo‘shlig‘ida ham qiynoq alomatlari topilmadi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakili koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 5 nafar mahkum bilan ham yakkama-yakka tarzda suhbatlashgan. Suhbat jarayonida ular tomonidan ham ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan murojaatda qayd etilgan holatlar tasdiqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

qamoqxona qiynoq

Baholaganlar

360

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing