Qorong‘uda ko‘rish imkonini beruvchi linzalar ishlab chiqildi
Texnologiya
−
21 Oktabr 4338 2 daqiqa
Xitoylik tadqiqotchilar insonlarga qorong‘uda ko‘rish imkoniyatini beruvchi infraqizil kontakt linzalarini ishlab chiqdi. Bu haqdagi tadqiqot “Cell” ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, linzalarda joylashtirilgan maxsus nanozarrachalar ilgari ko‘rinmas bo‘lgan infraqizil diapazondagi nurlarni inson ko‘ziga ko‘rinadigan yorug‘likka aylantiradi. Bu zarrachalar 800-1600 nanometr oralig‘idagi to‘lqin uzunliklarini uchta asosiy rangga o‘girib, ko‘zga sezilarli qiladi.
Tadqiqot Xitoyning Sharqiy Xefey shahridagi Fan va texnologiya universiteti olimlari tomonidan olib borilgan. Ular an’anaviy yumshoq kontakt linzalarni oltin, natriy gadoliniy ftorid, itterbiy va erbiy ionlaridan tashkil topgan 45 nanometrli nanozarrachalar bilan birlashtirgan.
Avvaliga texnologiya sichqonlar ustida sinovdan o‘tkazilgan. Ularga nanozarrachalar retina (ko‘z to‘r pardasi)ga yuborilganida, tajriba hayvonlari qorong‘uda harakatlana olgani kuzatilgan. Keyinchalik invaziv bo‘lmagan, ya’ni organizmga in’eksiya talab etilmaydigan kontakt linza shakli ishlab chiqilgan. Sinovlarda ishtirok etgan odamlar yordamida qorong‘uda harflar, naqshlar va miltillovchi infraqizil signallarni taniy olgani ma’lum bo‘lgan.
Qizig‘i, linzalar yopiq ko‘z bilan ham samarali ishlashi aniqlangan. Sababi infraqizil yorug‘lik ko‘z qovoqlaridan oson o‘tib, tasvir hosil qiladi. Biroq hozircha mazkur linzalar an’anaviy tungi ko‘rish ko‘zoynaklari kabi kuchli emas. Chunki mavjud nanozarrachalar ba’zi holatlarda tasvirni xiralashtirib yuborishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada dengiz suvida bir soat ichida to‘liq erishi mumkin bo‘lgan plastmassa ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu tajriba RIKEN ilg‘or materiallar markazi va Tokio universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan. Olimlar yangi turdagi plastmassadan iborat kichik qism dengiz suvida atigi bir soat ichida qanday qilib yo‘qolib ketishini namoyish etgan.
Mohichehra Qadamova