“Qorasuv” chegara posti ochildi
Jamiyat
−
12 Sentabr
3774Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida joylashgan “Qorasuv” chegara bojxona posti 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini qayta tikladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat rahbari o‘rtasidagi kelishuvga asosan O‘zbekistonning “Qorasuv” va Qirg‘izistonning “Korasuu” o‘tkazish punktlarining faoliyati qayta tiklanishi belgilangan.
“Qorasuv” chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lib, bu yerda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Endilikda bu yerda kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar o‘tib-qaytishlari mumkin.
Post orqali yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanadi. Postda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tezkor va samarali amalga oshirish uchun barcha sharoitlar nazarda tutilgan. Shuningdek, postning ochilishi qo‘shni davlat fuqarolari uchun ham bir qator qulayliklarni yuzaga keltiradi.
Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatidan Jalolobod viloyatiga o‘tish uchun shu vaqtga qadar 120 km masofa bosib o‘tilgan bo‘lsa, endi ushbu masofa 101 kilometrga qisqarib, O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tarzida atigi 19 km harakatlanish kifoya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi “Qorasuv” nazorat-o‘tkazish punkti ochilishga tayyorlanayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi