Qoraqalpog‘iston voqealarida necha kishi qurbon bo‘lgani ochiqlandi
Olam
−
16 dekabr 2022
13756Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarda 19 kishi qurbon bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya so‘roviga bergan javobida aytiladi.
Komissiya Bosh prokuraturaga “ommaviy tartibsizliklar vaqtida vafot etgan fuqarolarning o‘limi sabablari (qiynoqdan, o‘qotar quroldan, maxsus vositalardan va h.k.) va ularning ro‘yxati e’lon qilinadimi?” degan savool bilan murojaat qilgan.
Bosh prokuratura yo‘llagan javobda ma’lum qilinishicha, ommaviy tartibsizliklar vaqtida vafot etgan 19 nafar shaxsning ro‘yxati va vafot etish sabablari ochiq sud majlislari davomida birma-bir muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 noyabr kuni 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga doir jinoyat ishi yuzasidan Buxoro viloyat sudida sud jarayoni boshlandi.
Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanov, A. Smetullayev, D. Jiyemuratov, B. Kadirbergenov, B. Seytniyazov, A. Toqimbetov, Q. Seytimov, A. Nuratdinov, S. Medetov, N. Nayipov, P. Shamshetov, R. Bekmuratov, S. Kaipov, B. Genjebayev, S. Kalilayev, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va A. Adilbekov Jinoyat kodeksining 28,104, 104, 159, 164, 167, 227, 243, 244, 244-1, 247 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
20 nafar sudlanuvchiga nisbatan "qamoqqa olish", 1 nafariga "uy qamog‘i" va 1 nafariga "jamoa kafilligi" tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
LiveBarchasi