Qorabuloqda otishma yuz berdi (video)
Olam
−
03 mart
25739Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Ingushetiya respublikasida kecha, 2 mart kuni kechqurun noma’lum shaxslar politsiya bilan otishmaga kirishdi. Bu haqda “Kavkaz.Realii” xabar berdi.
Milliy aksilterror qo‘mitasi Qorabuloq shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari “terrorchilik jinoyatlarini rejalashtirgan bir guruh jangarilar” bilan jangga kirishganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda portlashlar va pulemyotdan o‘q otish ovozlari eshitilgan, so‘ngra turarjoy binosiga snaryad uchib o‘tgani va portlagani tasvirga tushgan.
“Baza” Telegram kanali bugun, 3 mart kuni ertalab otishma chog‘ida tasodifiy o‘tkinchi o‘ldirilgani haqida xabar berdi, biroq huquq-tartibot idoralariga yaqin bo‘lgan “Rozisk Ingushetiya” Telegram kanali buni rad etdi.
Uning xabariga ko‘ra, Federal xavfsizlik xizmati maxsus bo‘linmalari Oskanova ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda ular bilan jangga kirgan qurolli odamlarni to‘sib qo‘ygan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qorabuloqda 2 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 19:30 dan boshlab aksilterror operatsiya rejimi amal qilmoqda. Operatsiya hududi to‘rtta ko‘cha (Rabochaya, Oskanova, Naberejnaya va Jabagiyeva) bilan cheklangan.
Bugun, 3 mart kuni ertalab xavfsizlik kuchlari ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolari yashiringan ko‘p qavatli uyda tekshiruv tadbirlarini yakunlagani xabar qilingan. Rossiya davlat axborot agentliklariga ko‘ra, olti nafar jangari topilgan. TASS’ning yozishicha, shaharda aksilterror operatsiya rejimi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Ingushetiya rahbari Mahmud Ali Kalimatov mintaqa aholisini xotirjamlikka va faqat rasmiy ma’lumotlarga ishonishga chaqirdi.