Qorabog‘dan uchta ommaviy qabr topildi
Olam
−
06 Oktabr 2022
11518Qorabog‘dagi Xo‘javand tumanining Edilli qishlog‘ida ozarbayjon askarlari qoldiqlari bo‘lgan uchta ommaviy qabr topildi. Bu haqda Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertiza va patologik anatomiya uyushmasi tibbiy sud ekspertizasi bo‘limi boshlig‘i Nurana Huseynova ma’lum qildi.
Uyushma direktori Adalat Hasanovning aytishicha, 25 kishining jasadi topilgan.
“Dafn etilgan joydan kiyim-kechak, qora charm tufli topilgan. Bundan tashqari, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ikkita pichoq, sigaret qoldiqlari, o‘qlar, gilzalar va snaryadlar topilgan. Shuningdek, tasmada yulduz, o‘roq va bolg‘a bo‘lgan belbog‘lar ham topildi”, deydi Huseynova xonim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qoldiqlar harbiy prokuratura qarorlari bilan birga sud-tibbiyot ekspertizasi bo‘limiga yuboriladi va u yerda aniqroq ekspertiza o‘tkaziladi.
Janob Hasanovning aytishicha, bunday qoldiqlar “Qorabog‘ning bosib olingan hududlari ozod qilinganidan” keyin, guvohlar ko‘rsatmasi asosida yoki qazish, ta’mirlash va qurilish ishlari davomida tasodifan topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Edilli qishlog‘ida armanlar “asirga olingan ozarbayjonliklar uchun alohida joy ajratib, ularni ommaviy dafn qilgan”.
“Qoldiqlar raqamlanadi, ularning jinsi, yoshi, bo‘yi, o‘lim sabablari aniqlanadi. Keyin genetik ekspertizadan so‘ng bedarak yo‘qolganlarning uch nafar qarindoshidan genetik profillar va namunalar olinadi va ularning shaxsi aniqlanadi. Ayni damda 25 kishining jasadi topildi”, deydi Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertiza va patologik anatomiya uyushmasi direktori.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi