Qorabog‘dan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar yaratildi
Olam
−
19 Sentabr 2023
4474(Tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilishni ta’minlash maqsadida Lochin yo‘li va boshqa yo‘nalishlarda gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari tashkil etildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zokir Hasanov turkiyalik mavqedoshi Yashar Gulerni Qorabog‘da olib borilayotgan aksilterror choralari haqida xabardor qilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston tomonidan respublika kuchlarining Agdamdagi pozitsiyalari artilleriyadan o‘qqa tutilganini ham ma’lum qilgan.
“Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi Armaniston Qurolli Kuchlarining bo‘linmalari Ozarbayjon armiyasining Ag‘dam yo‘nalishida joylashgan pozitsiyalariga artilleriyadan o‘q uzmoqda”, deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari bu yo‘nalishda javob choralarini ko‘ryapti.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi.