Qorabog‘dagi provokatsiya: Moskva Bakuning tanqidlariga javob qaytardi

Olam

image

Rossiya tomoni Tog‘li Qorabog‘ mintaqasidagi tinchlikparvar kontingentga qarshi ayrim tanqidiy bayonotlarni asossiz deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Nechayev ma’lum qildi. 

"Intensiv siyosiy aloqalar bilan bir qatorda rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning faol ishlari davom etmoqda, ular joylarda vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Baku ham, Yerevan ham Rossiya tinchlikparvar kontingentining muhim rolini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan. Rossiya tinchlikparvar kontingentining alohida tanqid qilinishini asossiz deb bilamiz. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun ular Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bog‘lanishni taklif qilishadi”, deydi u. 

Nechayev mintaqadagi vaziyat Moskvaning diqqat markazida ekanini ta’kidladi.  

“Rossiya tomoni Armaniston va Ozarbayjon tomonlari bilan ham yuqori darajada, ham Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Rossiyaning boshqa bo‘limlari orqali doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, deya davom etdi diplomat. 

Uning qayd etishicha, 2 va 8 avgust kunlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilgan. Vazirlar Sergey Lavrov va Sergey Shoygu ozarbayjonlik va armanistonlik hamkasblari bilan gaplashgan. 

“Yuqoridagi barcha masalalar, jumladan, Lochin yo‘lagi atrofidagi vaziyat Ozarbayjon va Armaniston tomonlariga mos keladigan yechimlarga erishish uchun maslahatlashuvlar mavzusidir. Muammoning nozikligini inobatga olib,  muhokama qilinayotgan kelishuvlar tafsilotlarini oshkor qilmaymiz”, deydi Ivan Nechayev.

Rossiya tinchlikparvar kontingentining Tog‘li Qorabog‘dagi mas’uliyat zonasida vaziyat keskinlashgani qayd etilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Ozarbayjon Qurolli kuchlari tomonidan Saribaba tepaligi hududida buzilgan. Tinchlikparvar kuchlar qo‘mondonligi Ozarbayjon va Armaniston tomonlari vakillari bilan birgalikda vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi avgust oyi oxirigacha Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Armaniston vakillari o‘rtasida yuqori darajada aloqalar tashkil etish rejalari haqida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni rasmiy Baku Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochgani, oqibatda 2 askar qurbon bo‘lgani, 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog'

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing