Qorabog‘da vaziyat taranglashdi. Harbiy safarbarlik e’lon qilindi

Olam

image
Armanlar Ozarbayjonga hujum qildi. Qurbon bor north_east

Armanlar Ozarbayjonga hujum qildi. Qurbon bor

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida bugun, 3 avgustdan qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. Bu haqda hudud rahbari Araik Arutyunyan tomonidan imzolangan farmonda keltirilgan.

Qayd etilishicha, harbiy safarbarlik e’lon qilinishiga Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyat keskinlashgani sabab bo‘lgan. 

Ma’lumot uchun, bugun, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.

Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. Rasmiy Yerevan Qorabog‘dagi voqealarga hozircha izoh bermadi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilgani va Qorabog‘dagi qator tepaliklar nazoratga olinganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga bugun Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

“Uch tomonlama kelishuvga qaramay, Ozarbayjonning vaqtincha Rossiya Federatsiyasi tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan hududlarida Armaniston harbiy kuchlari va noqonuniy tuzilmalarining saqlanib turgani xavf manbai bo‘lib qolayotganini Ozarbayjon Respublikasi bir necha marta aytib o‘tdi. Bu hududlarni demilitarizatsiya qilish, arman qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketish va noqonuniy arman harbiy tuzilmalarini qurolsizlantirish shart”, deyiladi bayonotda.

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' harbiy safarbarlik

Baholaganlar

168

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing