“Qora shahzoda” Baydenni tiz cho‘ktirdi – ekspert
Olam
−
14 iyul 2022
56328AQSH Prezidenti Jo Baydenning Yaqin Sharq bo‘ylab safari chog‘ida Saudiya Arabistoniga tashrifi Ar-Riyod va birinchi navbatda qirollik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al-Saudning diplomatik g‘alabasidan dalolat beradi. “Globo” gazetasi tahlilchisi Gustav Shakra shunday fikr bildirdi.
Kecha, 13 iyul kuni chop etilgan maqolasida u Saudiya shahzodasi Baydenning Yaqin Sharqqa safaridan keyin asosiy g‘olibga aylanishi haqida yozgan.
“Birinchidan, uning ko‘z o‘ngida Amerikaning yana bir Prezidenti Ar-Riyodga ta’zim qiladi. Neft qudrati boshqalarni ortda qoldiradi. Saudiyaliklar 80-90-yillardagi jihodchilarni qo‘llab-quvvatlash ham, ayollarga qarshi aparteid ham AQSHning qo‘rqoq va ikkiyuzlamachi Prezidentlari bilan ittifoqni buzmasligini, ular xoh demokratlar Barak Obama va Bill Klinton, xoh respublikachilar Donald Tramp va Jorj Bush bo‘lsin, doim bilgan”, degan xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis.
Shakraning eslatishicha, Bayden o‘z saylovoldi kampaniyasi chog‘ida AQSH Milliy razvedkasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasini 2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilishi ortidagi tashkilotchi sifatida tan olganidan so‘ng uni quvg‘indiga chiqargan edi.
“Ikkinchidan, Bin Salmon Eronga qarshi Isroil bilan ittifoq tuzish borasidagi harakatlari o‘z samarasini berayotgani uchun ham g‘olib bo‘lchpti. Bundan buyon u tarixiy raqiblari bo‘lgan eronliklardan himoyalanish uchun Isroil va AQSHning harbiy qudratiga tayanishi mumkin bo‘ladi. Va bularning barchasi, albatta, Saudiya hududidagi sinagogalar va cherkovlarga taqiqni bekor qilmasdan qo‘lga kiritiladi”, deya fikrini davom ettirgan tahlilchi.
Umuman olganda, Ar-Riyod Vashingtonga hech qanday yon berishga majbur bo‘lmaydi, deb hisoblaydi Shakra. Uning fikricha, Saudiya Arabistoni Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”si masalasida betaraf qoladi.
“[Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin bilan yaqin munosabatlarni saqlab qoladi va Vashingtonning asosiy geosiyosiy raqibi bo‘lmish Xitoy bilan tobora yaqinroq tijorat aloqalarini davom ettiradi”, deydi ekspert.
Oq uy egasining Ar-Riyodga tashrifining asosiy qurbonlari falastinliklar bo‘ladi, deb hisoblaydi jurnalist.
“[Bayden] o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri [Falastin-Isroil] mojarosini hal etish bo‘yicha hech qanday rejasi bo‘lmagan birinchi [Amerika rahbari]dir. U amalda Falastin davlati bo‘lmasligini, Iordan daryosining G‘arbiy sohilida Isroil okkupatsiyasi esa belgilanmagan tartibda davom etishini, HAMASning G‘azodagi mavjudligini tan oldi”, deydi Gustav Shakra.
Bayden kecha, 13 iyul kuni Isroilga tashrif buyurdi va prezidentlikka kelganidan keyin birinchi Yaqin Sharq bo‘ylab safarini boshladi. 13-16 iyul kunlari u Isroil, Iordan daryosining G‘arbiy Sohili va Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Aeroportda Baydenni rasmiy kutib olish marosimida Isroil Bosh vaziri Yair Lapid Bayden bilan Yaqin Sharqda “yangi xavfsizlik arxitekturasini yaratish”, shuningdek, “kuchli global koalitsiyani yangilash zarurligini” muhokama qilish niyatida ekanini aytdi. Bu Eron yadroviy dasturini to‘xtatadi.
LiveBarchasi