Qora shahzoda AQSHga tahdid qildi
Olam
−
10 iyun 2023
37084Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon neft mojarosi fonida AQSHga "katta" iqtisodiy zarar keltirish bilan tahdid qildi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Muhammad bin Salmonning ogohlantirishicha, agar Jo Bayden ma’muriyati qirollikni neft narxi chegarasini belgilash siyosati uchun jazolamoqchi bo‘lsa, AQSHni dahshatli iqtisodiy oqibatlar kutadi.
Gap shundaki, 2022 yil oktyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Saudiya Arabistoni OPEC+ tashkilotiga a’zo davlatlarning kunlik neft qazib olishni ikki million barrelga qisqartirish bo‘yicha kelishuvi shartlarini qabul qilganidan noroziligini bildirgan.
“Ar-Riyod Rossiya bilan amalga oshirgan ishlarning oqibatlari bo‘ladi”, degan Bayden.
Shuningdek, u Kongress bilan hamkorlikda mazkur holat yuzasidan chora ko‘rishini ta’kidlagan. Amerika nashrlari esa Saudiya Arabistoni AQSH bilan neft qazishni ko‘paytirish bo‘yicha maxfiy kelishuvlarni buzganini yozgan.
Aytilishicha, Jo Baydenning ommaviy tahdidlaridan so‘ng, Saudiya shahzodasi agar Vashington haqiqatan ham javob choralarini qo‘llasa, bu AQSHning o‘zi uchun “yirik iqtisodiy oqibatlar” keltirishi bilan tahdid qilgan hamda “Bayden ma’muriyati bilan endi muomala qilib o‘tirmasligini” aytgan.
Oq uy rasmiylari esa Saudiya Arabistonidan bunday tahdidlar bo‘lgani haqida eshitmaganini bildiradi. Ularning aytishicha, OAVga oshkor bo‘lgan hujjatlarning tarixi uzun bo‘lib, ular hozirgi vaziyat haqida to‘liq tasavvur bera olmaydi.
LiveBarchasi