“Qora oltin” monopoliyasi: barcha pullar bir “cho‘ntakka” yoxud neft bozori kimning qo‘lida?
Tahlil
−
21:40 1348 13 daqiqa
Bugun dunyo energiya tizimi og‘ir ahvolda. Eng yirik neft eksportchilari asta-sekin “o‘yindan” chiqarilyapti. Muvozanat yo‘qolib, Yer sharidagi jamiki “qora oltin” bir davlat – Amerika Qo‘shma Shtatlarining nazoratiga o‘tishi mumkin. Xo‘sh, agar AQSH Eronda o‘z manfaatlariga erishsa, kelajakda bizni davlat darajasidagi monopoliya kutib turibdimi?
Zaxiralardan yordam kelmoqda
Urush doim muammolarni ko‘paytirgan. Eron bilan boshlangan urush nafaqat mojaro qatnashchilariga, balki butun dunyo davlatlariga turli darajada zarar yetkazdi. Global energiya tarmog‘ining “qoni” bo‘lgan neft narxlari keskin oshib ketdi. Ishlab chiqarishdagi eng muhim ingrediyentning bunday qimmatlashuvi boshqa millionlab tovarlarning ham narxiga ta’sir qilmay qolmadi.
Hormuz bo‘g‘ozidagi qatnovning deyarli butunlay to‘xtab qolishi Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Hindiston kabi Uzoq Sharqning qator davlatlarini, shuningdek, AQSH va Yevropa bozorlarini neft ta’minotidan uzib qo‘ydi. Birgina shu bo‘g‘ozning o‘zidan dunyo bo‘yicha dengiz orqali tashiladigan “qora oltin”ning deyarli beshdan bir qismi – taxminan 20 million barrel neft olib o‘tiladi. Eron esa so‘nggi chora sifatda ushbu suv yo‘lini minalashtirib, qatnov uchun sezilarli katta muammolar yaratdi. Oqibatda global neft bozorlari misli ko‘rilmagan ta’minot uzulishlariga duch kelmoqda. Xalqaro Energetika Agentligi (XEA) hisobotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazi mamlakatlari umumiy neft qazib olishni eng kamida kuniga 10 million barrelga qisqartiradi va agar, yuk tashish oqimlari tez orada tiklanmasa, ta’minotdagi yo‘qotishlar bundan-da ko‘payishi mumkin.
Shuningdek, agentlikning 11 mart kuni chiqargan rasmiy bayonotida energiya bozorlaridagi taqchillikni bartaraf etish uchun o‘zlarining favqulodda zaxiralaridan 400 million barrel neftni chiqarishi e’lon qilindi. Bu tashkilot ixtiyoridagi umumiy zaxiralarning qariyb uchdan bir qismiga teng bo‘lib, qaror 10 mart kuni XEAga a’zo 32 ta davlatning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi ortidan qabul qilindi.
“Neft bozorlari global, shuning uchun katta uzilishlarga javob ham global bo‘lishi kerak. Energiya xavfsizligi XEAning asosiy vazifasidir va men agentlik a’zolari birgalikda qat’iy choralar ko‘rishda kuchli birdamlik ko‘rsatayotganidan mamnunman”, deydi XEA ijrochi direktori Fotih Birol.
XEA a’zolari 1,2 milliard barreldan ortiq favqulodda zaxiralarga ega, bundan tashqari yana 600 million barrel sanoat zaxiralari hukumat majburiyati ostida saqlanadi. Muvofiqlashtirilgan zaxiralarni chiqarish qarori 1974 yilda tashkil etilgan XEA tarixidagi oltinchisi hisoblanadi. Avvalgi jamoaviy harakatlar 1991, 2005, 2011 yillarda va 2022 yilda ikki marta amalga oshirilgan.
AQSH dunyoga yordam beradi
Urushni boshlab qo‘ygan AQSH ma’muriyati Erondan bunday kuchli javob kutmagan bo‘lsa kerak. Eroning sobiq oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi Erondagi noyob davlatchilik tizimini buza olmagani, eronlik xalq ham rejimga qarshi namoyish boshlash o‘rniga vatanparvarlik ruhida dushmanga qarshi birlashgani Vashingtonning umidlarini puchga chiqargani aniq. Dunyoga tinchlik olib kelishni va’da qilgan AQSH rahbari Donald Tramp, bu “yurishi” oqibatida unga energetik inqirozdan boshqa hech narsa bera olgani yo‘q.
Xalqaro darajadagi “xatolarini yuvish” ilinjida Oq uy, AQSH strategik neft zaxirasidan 172 million barrel neftni bozorga chiqarishini e’lon qildi. 11 mart kuni AQSH Energetika vaziri Kris Raytning ma’lum qilishicha, XEA a’zosi hisoblangan Qo‘shma Shtatlar tashkilot tomonidan dunyoga chiqariladigan 400 million barrel neftning qariyb yarmini o‘z zimmasiga oldi.
“Ushbu sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida Prezident Tramp Energetika vazirligiga kelgusi haftadan boshlab Strategik neft zaxirasidan 172 million barrel neft chiqarishga ruxsat berdi. Rejalashtirilgan neft chiqarish sur’atlariga asoslanib, bu taxminan 120 kun davom etadi”, deb yozadi Kris Rayt.
Bayonotda ta’kidlanishicha, keyingi bir yil davomida AQSH strategik zaxiralarni to‘ldirish uchun taxminan 200 million barrel neft sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu chiqarilgan hajmdan taxminan 20 foizga ko‘pdir. Shuningdek, unda oldingi ma’muriyat Amerikaning neft zaxiralarini tugatib, zarar yetkazganlikda ayblandi va bu xato Tramp davrida takrorlanmasligi alohida ta’kidlandi.
Energetika vaziri yana AQSHning Eronga qilgan hujumlarini oqlashga urinarkan, Tramp davrida Eron terrorchiligiga chek qo‘yilishini aytib o‘tdi.
“47 yil davomida Eron va uning terrorchi vakillari amerikaliklarni o‘ldirish niyatida bo‘lib kelishgan. Ular Amerika va uning ittifoqchilarining energiya xavfsizligini manipulyatsiya qilishdi va tahdid qilishdi. Prezident Tramp davrida bu kunlar nihoyasiga yetmoqda”, deydi Rayt.
O‘zi shundoq ham AQSHning Strategik neft zaxirasi qariyb so‘nggi 30 yildagi eng past darajaga tushib qolgan bir paytda, ma’muriyat tomonidan berilgan bunday tasallilar ortida rahbariyatning aybini yuvishga va kelajakdagi saylovlarda “omon qolishga” urinish yotibdi. Shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tuvchi AQSH Kongressi uchun saylovlarda odamlar ishonchini Respublikachilar partiyasida saqlab qolish imkoniyati har qancha past bo‘lsa-da, hukumat ushbu qaror orqali benzin narxini vaqtincha tushirib, saylovchilar kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilishga urinmoqda. Ammo katta ehtimol bilan AQSHda “unutilgan” Kongress tarkibi bu gal o‘zgaradi.
Eron nefti qamaldami?
Neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda, uni qazib olish bo‘yicha esa 6-o‘rinda turuvchi Eron rasmiy eksport hajmi bo‘yicha tuzilgan xalqaro reytinglarda odatda 10 talikda ham qayd etilmaydi. Xo‘sh, unda sanksiyalar ostida qolgan Eronning millionlab barrel nefti qayerga ketadi?
2018 yilda AQSH Eron yadroviy kelishuvidan chiqib ketgach, Tehronga qarshi “maksimal bosim” siyosati boshlanadi. Natijada ko‘plab davlatlar Eron neftini sotib olishdan voz kechdi. Shunga qaramay, mamlakat eksportni to‘xtatib qo‘ygani yo‘q. Aksincha, so‘nggi yillarda Eron sanksiyalarni aylanib o‘tishning murakkab tizimini shakllantirdi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron kuniga o‘rtacha 1,5–1,7 million barrel atrofida neft eksport qilishni davom ettirmoqda.
Bu neftning katta qismi qayerga ketadi? Javob ancha oddiy – Xitoy. Turli tahlil markazlari ma’lumotiga ko‘ra, Eron eksport qilayotgan xom neftning 80–90 foizi aynan Xitoyga yo‘naltiriladi. 2025 yilda Xitoy kuniga o‘rtacha 1,38 million barrel Eron neftini import qilgan, bu esa uning umumiy neft importini qariyb 13 foizini tashkil etadi.
Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yilda Eron neft eksportidan 35 milliard AQSH dollaridan ortiq daromad olgan bo‘lib, bu savdoning asosiy qismi Xitoy bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ammo bu savdo rasmiy va ochiq shaklda amalga oshirilmaydi. Eron eksportining katta qismi “soyadagi flot” deb ataluvchi yashirin tankerlar tarmog‘i orqali tashiladi degan qarashlar mavjud. Konsperalogiyalarga ko‘ra, tankerlar ko‘pincha o‘z GPS signalini o‘chirib qo‘yadi yoki boshqa mamlakat bayrog‘i ostida suzadi. Ba’zan neft ochiq dengizda boshqa tankerga ko‘chirilib, uning kelib chiqishi yashiriladi. 2025 yilda Eron neftini tashishda 250 dan ortiq tanker qatnashgani, ularning katta qismi sanksiyalar ostida bo‘lgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Eron nefti ba’zan uchinchi davlatlar orqali qayta eksport qiladi degan konsperalogiyalar ham bor. Masalan, Malayziya, Singapur yoki BAA portlarida neft boshqa yuk sifatida qayta hujjatlashtirilishi mumkin. Ayrim kichik hajmlar esa Suriya, Venesuela yoki Ummon kabi davlatlarga yetkaziladi.
Qisqa qilib aytganda, Eron nefti to‘liq qamalda emas. Aksincha, u global bozorga yashirin yo‘llar orqali kirib kelishda davom etmoqda. Biroq, bu savdo rasmiy statistikalarda to‘liq aks etmagani sababli mamlakat eksport reytinglarida past ko‘rinadi. Aslida esa, yashirin eksportni hisobga olganda, Eron jahon neft bozorida hali ham muhim o‘yinchilardan biri bo‘lib qolmoqda.
Demak, sanksiyalar Eron neft savdosini butunlay to‘xtata olmagan. U faqat uni “soyadagi bozorga” ko‘chirdi – bu bozor esa global energetika siyosatining eng murakkab va kam ko‘rinadigan segmentlaridan biri hisoblanadi. Hatto, AQSH va Isroil bilan olib borilayotgan urushlar fonida ham bu savdo aloqalari to‘xtab qolgani yo‘q. “Reuters” nashrining chiqargan so‘nggi yangiliklariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlari uchun yopilgan Hormuz Tehron uchun odatdagidek xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda.
G‘arb sanksiyalari ostidagi mamlakatlardan neft va gaz tashish uchun ishlatiladigan kemalar tarmog‘i bo‘lgan “soya floti”ni kuzatishga ixtisoslashgan dengiz razvedkasi kompaniyasi TankerTrackers.com tahliliga ko‘ra, Isroil va AQSH 28 fevral kuni mamlakatga hujumlar uyushtirganidan beri Eron taxminan 13,7 million barrel xom neft eksport qilgan. Kemalarni kuzatish xizmati “Kpler” esa mart oyining dastlabki 11 kunida Eron eksportini yanada yuqori ko‘rsatkichga, ya’ni taxminan 16,5 million barrelga baholadi.
“O‘tgan yilning dekabr oyida Venesuela bilan bog‘liq kemalarni muvaffaqiyatli musodara qilganliklarini hisobga olsak, AQSH ushbu mojaroni boshlashdan oldin shunga o‘xshash kampaniyani boshlamaganidan yoki hozirgacha buni amalga oshirmaganidan hayratdaman”, dedi “Blaskstone Somplianse Servises” konsalting firmasi direktori Devid Tannenbaum.
Qisqacha qilib aytganda, Eron o‘z ishini bemalol davom ettirmoqda. Na AQSH, na Isroil va na boshqa dunyo davlatlari uning yo‘lini to‘sa olgani yo‘q.
O‘yindan chetlatilgan Rossiya
Ukrainaga hujum boshlashidan oldin, 2021 yilda Rossiya global neft bozorida eng muhim “o‘yinchi”lardan biri edi. Neft qazib olish bo‘yicha ham, neft eksport qilishda ham xalqaro reytinglarda yuqori uchlikdan tushmay kelgan rus nefti 2022 yilgi voqealardan keyin sanksiyalar “to‘foni” ostida qoldi. Zelenskiyning yonini olgan ko‘plab Yevropa davlatlari Rossiya neftini sotib olishdan bosh tortdi. Ammo, reytinglarda pog‘onalar o‘zgarmadi, Rossiya hanuz dunyoning eng yirik neft eksportyori bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, qanday?
Avvalo, urushdan oldingi holatga nazar tashlaylik. 2021 yilda Rossiya kuniga 10,5–11 million barrel neft ishlab chiqargan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin 2-o‘rinda turgan. Shu bilan birga mamlakat kuniga 7–8 million barrel xom neft va neft mahsulotlarini eksport qilgan. Bu Rossiyani Saudiya Arabistoni bilan birga dunyoning eng yirik eksportchilaridan biriga aylantirgan. Eng muhim jihat shundaki, bu eksportning katta qismi Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan edi. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, urushdan oldin Yevropa Ittifoqi Rossiyadan kuniga qariyb 2,8 million barrel xom neft import qilgan, neft mahsulotlari bilan birga bu raqam 3,5 million barrelga yetgan.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, vaziyat keskin o‘zgardi. Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga embargo joriy qildi, G‘arb davlatlari esa rus neftiga narx cheklovi qo‘ydi. Maqsad oddiy – Rossiya byudjetining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan energiya eksportini qisqartirish. Dastlabki prognozlar Rossiya neft eksporti keskin kamayishini taxmin qilgan edi. Ammo amalda bu ssenariy to‘liq ishlamadi.
Rossiya neft savdosini to‘xtatmadi, balki bozor geografiyasini o‘zgartirdi. Yevropa o‘rnini tezda Osiyo davlatlari egalladi. Eng katta xaridorlarga Hindiston va Xitoy aylandi. Masalan, 2021 yilda Hindiston Rossiya neftini deyarli sotib olmagan bo‘lsa, 2023–2024 yillarga kelib, u kuniga 1,7–2 million barrel atrofida rus neftini import qila boshladi. Bu Hindistonni Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylantirdi. Xitoy esa kuniga 1,5–2 million barrel rus neftini sotib olib, ikkinchi yirik bozorga aylandi. Bu ma’lumotlar XEA va AQSH Energetika axborot agentligi hisobotlarida keltirilgan.
Shu bilan birga, Rossiya neft eksportini saqlab qolish uchun logistika tizimini ham moslashtirdi. Tahlilchilar “soyadagi flot” deb ataydigan yashirin tankerlar tarmog‘i Rossiyada ham paydo bo‘ldi. 2024 yilga kelib Rossiya neftini tashishda 500ga yaqin tanker qatnashayotgani aytiladi. Bu kemalarning ko‘pi G‘arb sug‘urtasi yoki nazorat tizimidan tashqarida ishlaydi. Natijada rus nefti ko‘pincha uchinchi davlat portlarida qayta yuklanadi yoki boshqa davlat mahsuloti sifatida rasmiylashtiriladi.
Bugungi kunga kelib, Rossiya hali ham kuniga taxminan 7 million barrelga yaqin neft va neft mahsulotlarini eksport qilmoqda. Bu esa uni global neft bozorida eng yirik eksportchilardan biri sifatida saqlab turibdi. Shunday qilib, sanksiyalar Rossiya neftini global bozordan siqib chiqara olmadi. U faqat savdo yo‘nalishlarini o‘zgartirdi. Energetika bozorida esa bitta haqiqat yana bir bor tasdiqlandi: siyosiy bosim kuchli bo‘lishi mumkin, ammo dunyo iqtisodiyoti hali ham neftga muhtoj.
Ammo, Tramp ma’muriyati Rossiyaning bunday holatda qolishini xohlamadi. Shu yilning 2 fevral sanasida AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan savdo bitimi haqida e’lon qilar ekan, Moskvaning Ukrainadagi urushi fonida Nyu Dehli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatish talabini qondirganini ma’lum qildi. Buning evaziga AQSH Hindiston mahsulotlariga bojlarni 25 foizdan 18 foizgacha pasaytirishni taklif qildi.
Shunga qaramay, Hindiston rasmiylari bu da’volarni inkor etib, neft siyosati mustaqil ekanini qayta qayta ta’kidlamoqda. Ma’lum qilinishicha, Nyu Dehli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatmagan va hanuz davom ettirmoqda, hatto “Relianse” kompaniyasi 2026 mart oyida kamida 6 million barrel Ural neftini sotib olganini xabar qildi. Energiya bo‘yicha diversifikatsiya doirasida Hindiston hozircha Saudiya, Iroq va BAA kabi Yaqin Sharq manbalaridan ham neft import qilmoqda, ammo Moskva hali ham Nyu Dehli uchun asosiy yetkazib beruvchi sifatida qolmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, Yaqin Sharqdagi urushlar fonida vujudga kelgan neft taqchilligi fonida AQSH rahbariyati rus neftiga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda. 13 mart kuni taqdim etilgan AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAS) bergan maxsus litsenziyada 12 martgacha kemalarga yuklangan Rossiya neft mahsulotlarini yetkazib berishga ruxsat berilgani aytiladi. Ushbu litsenziya esa 2026 yil 11 aprelgacha amal qiladi.
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu qaror Prezident Donald Trampning global energiya bozorida barqarorlikni ta’minlash va neft narxlarini past darajada ushlab turish bo‘yicha choralaridan biri ekanini ta’kidladi.
“Global bozorda neft oqimini davom ettirish maqsadida, AQSH Moliya vazirligi Hindistonning neft qayta ishlovchi korxonalariga Rossiya neftini xarid qilish uchun vaqtinchalik 30 kunlik ruxsatnoma berayotganini e’lon qildi. Bu maqsadli qisqa muddatli chora bo‘lib, Rossiya hukumati uchun katta iqtisodiy foyda keltirmaydi, chunki ruxsatnoma faqat allaqachon dengizda qolgan neft tranzaksiyalarini o‘z ichiga oladi”, deb yozadi vazir.
Yana u Hindistonni Rossiya neftidan voz kechib, AQSHdan “qora oltin” xaridlarini ko‘paytirishga chorladi.
“Hindiston AQSH uchun asosiy hamkor hisoblanadi va biz Nyu-Dehlining AQSH neftini xarid qilishni ko‘paytirishini kutmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qildi u.
Xullas, Rossiyani har qancha o‘yindan chetlatishni istamasin, dunyo ham, Vashingtonning o‘zi ham bunga to‘la tayyor emas. Moskva neftiga bo‘lgan ehtiyoj hali-beri yo‘q bo‘lmaydi.
AQSHga tegishli Venesuela nefti
Venesuela dunyodagi eng katta isbotlangan neft zaxiralariga ega davlatlardan biridir – taxminan 303 milliard barrel bilan Saudiya Arabistonidan ham ko‘p. Shu sababdan AQSHning bu mintaqaga qiziqishi uzoq tarixga ega. XX asr oxirida AQSH neft kompaniyalari Venesuelaning neft maydonlarini rivojlantirgan va 2000 yillarda Venesuela eksportining katta qismi AQSHga yo‘naltirilgan edi. 1997 yilda AQSH 61,7 million barrel neft import qilgan davrda Venesuela bu oqimning muhim qismi bo‘lgan. 2019 yilda AQSHning “PDVSA”ga qarshi sanksiyalari tufayli Venesuela nefti bozoridan chiqdi, natijada eksportlar keskin pasaydi. Shunda Xitoy hamkor sifatida maydonga chiqdi, Pekin G‘arb sanksiyalariga qaramay milliardlab dollar evaziga Venesuela neftini sotib olishni davom ettirdi va siyosiy aloqalarni mustahkamladi.
2026 yilda geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. AQSH ma’muriyati Prezident Tramp davrida Venesuelaga harbiy va siyosiy bosimni kuchaytirdi. 2026 yil yanvar oyida AQSH kuchlari Karakasda sobiq Prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olib, mamlakatdan olib chiqib ketdi. Suverenitet tushunchasi xalqaro maydonda shunchaki unutildi, hech kim tayinli qarshilik qila olmadi.
Tuzilgan yangi “qo‘g‘irchoq” rejim AQSH bilan hamkorlikni qayta tiklash va neft bozorini ochishga majbur bo‘ldi. Endi Venesuelaning neft eksportidan keladigan tonnalab pullar AQSH “cho‘ntagiga” yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Bugungi kunda Venesueladagi neft sektori AQSH kompaniyalari uchun katta ahamiyatga ega. Masalan, “Chevron” kompaniyasi mamlakatdagi neft ishlab chiqarish maydonlarida faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar ustida ishlamoqda va Orinoko belbog‘ida ishlab chiqarishni oshirish niyatida.
Umuman olganda, 2026 yildan boshlab Venesuela nefti AQSH nazoratiga o‘tdi. Venesuela xalqi esa nochor ahvolda qolishda davom etyapti, “qora oltin” ularni bu qashshoqlik botqog‘idan qutqara olgani yo‘q.
Umumiy xulosa shuki, AQSH bugun dunyoni neft va gaz bilan ta’minlovchi eng qudratli “savdogardir”. Fors ko‘rfazi davlatlarining “qora oltin” eksport qilishi qiyinlashgani boshqa tomondan AQSH uchun foydaga ham ishlab, pullarni bevosita o‘z cho‘ntagiga solishiga imkon bermoqda. Ammo Tramp har qancha urinmasin AQSH to‘laqonli neft monopoli bo‘la olmaydi. Sanksiyalar ostidagi Rossiya va Eron hech qachon bunga yo‘l qo‘ymasa kerak, harholda monopoliyaning naqadar zararli ekanligini hamma juda yaxshi biladi.
Live
Barchasi