Germaniya AQSH qo‘shinlarini olib chiqib ketishiga munosabat bildirdi
Olam
−
03 may 11557 2 daqiqa
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSH Prezidenti Donald Trampning mamlakatdan 5 mingga yaqin amerikalik harbiyni olib chiqib ketish haqidagi qaroriga munosabat bildirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Pistorius AQSH Prezidentining ushbu qarorini kutilgan holat deb atagan.
“AQSH o‘z qo‘shinlarini Yevropadan, jumladan, Germaniyadan olib chiqib ketishi kutilgan edi. Hozirda gap Germaniyada bo‘lib turgan qariyb 40 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchidan 5 mingtasi haqida bormoqda”, deydi u.
Shunga qaramay, Germaniya AQSH qo‘shinlarining Yevropada bo‘lishi har ikki tomon manfaatlariga mos keladi deb hisoblaydi.
“Biz Ramshteyn, Grafenvyor, Frankfurt va boshqa joylarda yevropalik ittifoqchilar bilan birgalikda Yevropadagi tinchlik va xavfsizlik, Ukraina uchun hamda birgalikda tiyib turish maqsadida amerikaliklar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Biroq AQSH bu yerda Afrika va Yaqin Sharqdagi xavfsizlik manfaatlarini ta’minlash kabi boshqa harbiy funksiyalarni ham birlashtirgan”, deydi Pistorius.
Nashrning yozishicha, yuz bergan voqea NATO “yevropacharoq” tashkilotga aylanishi kerakligini isbotlamoqda. Boris Pistoriusning fikricha, Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo Yevropa davlatlari yuzaga kelgan sharoitda o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi lozim.
“Armiyamiz kengaymoqda, biz innovatsiyalarga tayanib, ko‘proq uskunalarni tezroq sotib olmoqdamiz va ko‘proq infratuzilma barpo etmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligi Donald Tramp va Germaniya kansleri Fridrix Mers o‘rtasida Eron bilan urush tufayli yuzaga kelgan kelishmovchilik fonida Germaniyadan 5000 nafar harbiyni olib chiqib ketishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Bundan oldin Tramp Mersni AQSH ishlariga “kamroq aralashishga” va o‘z mamlakati bilan shug‘ullanishga chaqirgan edi.