Qora dengizni “NATO dengizi”ga aylantirish vaqti keldi – Kuleba 

Olam

image

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Ruminiya poytaxti Buxarestda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Qrim platformasi xavfsizligi bo‘yicha birinchi Qora dengiz konferensiyasida Qora dengizni Boltiq dengizi kabi NATO dengiziga aylantirish vaqti kelganini aytdi. Bu haqda “Interfaks Ukraina” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, alyansning Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi yo‘lida qat’iy qadamlar tashlash kerak.

“Urush mintaqa xavfsizligi ajralmas ekanini isbotladi. Bir davlatga tahdid hamma uchun tahdiddir”, deydi Kuleba.

Uning ta’kidlashicha, endi qo‘rquv strategiya emasligi butun dunyoga ayon bo‘lgan. Shuning bois ham mintaqadagi barcha davlatlar uchun keng qamrovli xavfsizlik tarmog‘i ishlab chiqilishi kerak.

Kuleba Rossiyaning har doim strategiyasi borligini va G‘arb shubha tug‘dirsa, harakat qilganini aytdi.

“2008 yilda qo‘rquv tufayli Ukraina va Gruziyaga NATO eshiklarini yopib qo‘yganida, Rossiya tezda ikkala davlatga ham hujum qildi. Rossiya manyakka aylandi, ammo ba’zi rahbarlar eng yaxshi strategiya manyakni xursand qilish deb qaror qildi. Bu uning potensial qurbonlarini qurolsiz qoldirishni o‘z ichiga oldi”, degan Ukraina TIV rahbari.

Shuningdek, u Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti o‘tmishdagi xatolarni tuzatish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi yo‘lida qat’iy qadamlar tashlash uchun to‘g‘ri vaqt ekanini ta’kidlagan. 

“Nafaqat biz uchun eshik ochiq ekani, balki Ukraina unga qachon va qanday kirishi haqida aniq reja borligini ko‘rsatish kerak”, deydi Kuleba.

Vazir Ukrainaning Yevropa mudofaa tashabbusining bir qismiga aylanishi mantiqiy ekanini qo‘shimcha qilgan va u yaqinda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel bilan suhbatda bu masalani ko‘targanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Qora dengiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing