Qor qoploni Qirg‘iziston ramzi sifatida tan olindi

Olam

image

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi qor qoplonini mamlakatning milliy ramzi sifatida tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda  “Inform.kz” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ushbu hujjat bilan qor qoplonining rasmiy logotipi va uni qo‘llash tartibi tasdiqlangan.

Ushbu qaror davlatning tabiiy va madaniy merosini aks ettiruvchi ramzlarni saqlash, himoya qilish va ommalashtirish maqsadida, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining “Qor qoplonini Qirg‘iziston Respublikasining milliy ramzi sifatida e’tirof etish to‘g‘risida”gi farmonini amalga oshirish doirasida qabul qilingan.

Logotipni quyidagi hollarda qo‘llash mumkin:

  • Davlat va boshqa mukofotlarda, yodgorlik tangalari va banknotlarda;
  • davlat bayramlari, yodgorlik sanalari va rasmiy tadbirlarni bezashda;
  • suvenir va bosma mahsulotlar tayyorlashda, shuningdek binolar, inshootlar va transport vositalarini bezashda;
  • me’moriy va dekorativ elementlarda;
  • Qirg‘iziston Respublikasining imidjini mamlakat ichida va tashqarisida targ‘ib etishga qaratilgan ko‘rgazmalar, yarmarkalar, festivallar va boshqa tadbirlarda;
  • ta’lim, madaniyat va boshqa dasturlarda;
  • Qirg‘iziston Respublikasini namoyish etuvchi taqdimot, axborot materiallari va rasmiy internet resurslarida.

Quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • tasvirni buzish yoki deformatsiya qilish;
  • Qirg‘iziston qonunchiligiga zid bo‘lgan yozuvlar, tasvirlar yoki mahsulotlar bilan birga qo‘llash;
  • davlat imidjiga zarar yetkazadigan yoki milliy qadriyatlarni haqorat qiluvchi kontekstda foydalanish;
  • siyosiy maqsadlardagi nomutanosib reklamada, tashviqotda yoki Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni markalashda (mamlakat qonunchiligiga muvofiq huquq egasi uchun nazarda tutilgan hollardan tashqari) foydalanish.

Logotipni qo‘llash tartibini buzish, tasvirni buzib ko‘rsatish yoki noqonuniy foydalanish Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligiga qor qoploni populyatsiyasi va uning yashash hududini saqlab qolish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash topshirilgan.

Barcha davlat organlari, mahalliy hokimlik, tashkilot va muassasalar mulk shaklidan qat’i nazar, ushbu qarorga amal qilishlari shart qilib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qor qoploni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing