Qonunchilikdan “diniy ekstremizm” atamasi olib tashlanadi
Jamiyat
−
14:04 2341 2 daqiqa
O‘zbekiston qonunchiligida “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtiriladi. Bu haqda joriy yilning 8 avgust kuni Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ekstremizmning shakl va ko‘rinishlari tobora o‘zgarib, uning xavfi nafaqat diniy, balki boshqa ekstremistik g‘oya va harakatlar orqali ham namoyon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtirilmoqda. Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda, takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi qayd etilmoqda.
Shuningdek, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun takomillashtirilib, ekstremizm tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda. Shuningdek, ekstremizmga oid jinoyatlar aniq doirasini belgilash, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish hamda baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Bildirilishicha, qonunchilikdagi “diniy ekstremizm” atamasi “ekstremizm” atamasi bilan almashtirilib, huquqni qo‘llash amaliyotida yagona huquqiy yondashuv ta’minlanmoqda. Qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish, internet tarmog‘i hamda ommaviy axborot vositalarida ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, ekstremistik tashkilotlarni e’tirof etish tartibi hamda ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish mexanizmlari ham takomillashtirilmoqda.
Senatorlarning qayd etishicha, qonun ekstremizmga qarshi kurashish sohasida inson huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi huquqiy muvozanatni mustahkamlash, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish va mamlakatimizda tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakuni bo‘yicha senatorlar qonunni ma’qullagan.
Live
Barchasi