“Qonli yanvar”. To‘qayev Qozog‘istonda vaziyat iziga tushganini e’lon qildi

Olam

image

Qozog‘istonda yanvar oyi boshida sodir bo‘lgan tartibsizliklardan so‘ng vaziyat to‘liq barqarorlashdi, huquqiy tartib o‘rnatildi. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi. 

"Xavfsizlik Kengashi raisi Qosim-Jomart To‘qayevning ta’kidlashicha, ayni paytda mamlakatda vaziyat to‘liq barqarorlashgan, huquqiy tartib o‘rnatilgan. Shaxs, jamiyat va davlat himoyasi darajasini oshirish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi Prezident matbuot xizmati bayonotida. 

To‘qayev, shuningdek, milliy xavfsizlikning barcha jabhalarini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirishni boshlash uchun ko‘rsatma bergan. Prezident barcha davlat organlari sodir bo‘lgan voqealardan saboq olishi, modernizatsiya qilingan milliy xavfsizlik tizimi har qanday murakkablikdagi chaqiriqlarga javob berishga tayyor turishi kerakligini ta’kidlagan. 

“Biz jinoyatchilik va terrorchilarning shaharlarimizni egallab olishlari, fuqarolar va ularning oilalari tinch hayotiga tajovuz qilishlari, davlatchilikka tahdid solmasliklari uchun choralar ko‘rishimiz shart. Milliy xavfsizlik tizimini qayta qurish aynan shu maqsadda amalga oshirilmoqda”, degan Prezident. 

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, jangarilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.  

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston To'qaev

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing