“Qonli yanvar” fojiasida jamoasini tashlab qochgan “Turk havo yo‘llari” raisi lavozimidan “uchdi”
Olam
−
12 fevral 2022
12436“Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Ilkar Aychi “qonli yanvar” voqealari sodir bo‘layotgan vaqtda ekapaj a’zolarini Olmaotada qoldirib, o‘zi turmush o‘rtog‘i bilan Qozog‘istonni yuk samolyotida tark etgani uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.
Bir vaqtlar Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi lavozimida ishlagan Ilkar Aychi yanvar oyi boshida ta’tilni o‘tkazish uchun Qozog‘istonga borgan. Mamlakatda namoyishlar avj olib, qaltis vaziyat yuzaga kelgach, u rafiqasi Tugche Saatman-Aychi bilan yuk tashuvchi samolyotda Turkiyaga qaytib kelgan.
Aviakompaniya ishchilari, xususiy aviatashuvchilarning ayrim xodimlari va Turkiya fuqarolarini Olmaotadan evakuatsiya qilgan samolyot 11 yanvargacha Qozog‘istonga yetib bormagan.
Aychi ekipajni tashlab, rafiqasi bilan Turkiyaga qaytgani haqidagi ma’lumot mamlakat jamoatchiligi orasida tanqidlarga sabab bo‘ldi. 28 yanvar kuni uning iste’foga chiqishi haqida gaplar tarqaldi.
Mahalliy OAV Aychi Qozog‘istonga ishbilarmonlarning iltimosiga ko‘ra kelganini, yarim ish safari, yarim ta’tilda bo‘lganini yozmoqda.
“Qozog‘iston do‘st davlat. Men har doim o‘zimni xavfsiz his qilgan mamlakat. Biz u yerda bo‘lganimizda ular xavfsizlik choralariga oxirigacha rioya qilishdi. Chorshanba kuni ertalab qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda, "Yo‘lda vaziyat yaxshimas" degan gapni eshitdik, bu tartibsizlik hukm surayotganidan dalolat edi. O‘sha kechasi tartibsizliklar boshlanib, vaziyat keskinlashib ketdi. Aeroportga hujum uyushtirildi”, deydi Aychi.
Aviakompaniyaning sobiq raisi so‘zlariga ko‘ra, Olmaotada Turkiya hukumati va qozog‘istonliklar bilan muzokaralar olib borilgan. Aychining Qozog‘istonda bo‘lgani haqidagi xabarlar oqimi har soatda ortib borayotgani sababli undan Turkiyaga qaytishi so‘ralgan.
"Ular: "Sizni hozir jo‘natamiz, keyinroq jamoani yuboramiz. Sizning bu yerda bo‘lishingiz xabarlarga oqimining ortishiga olib keladi”, deyishdi. Menga jamoa keyinroq keladi, deb va’da berishdi. Yuk tashuvchi samolyotda to‘rtta o‘rindiq bor edi. Men imkon qadar tezroq vatanimga qaytdim”, deydi Aychi.
Eslatib o‘tamiz, tartibsizliklar boshlanganida ko‘plab xorijiy davlatlar, jumladan Turkiya ham Qozog‘istonga parvozlarni to‘xtatgan edi.
LiveBarchasi