“Qonli yanvar” bergan va’damizni bajarishimizga ta’sir o‘tkazmaydi – To‘qayev investorlarga
Olam
−
22 fevral 2022
2781Qozog‘istonda sodir bo‘lgan “qonli yanvar” fojiasi Hukumatning investorlar oldidagi majburiyatini bajarishiga ta’sir o‘tkazmaydi. Davlat hamkorlari va investorlar oldidagi majburiyat va kafolatlarni to‘liq bajaradi. Bu haqda mamlakat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev xorijiy investorlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘z ochgan.
Prezident respublikaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha “ochiq eshiklar” siyosatini davom ettirish niyatida ekanini aytgan. Uning qayd etishicha, yanvar oyidagi tartibsizliklar sarmoya bozorida noaniqlikni keltirib chiqargan.
"Mamlakat prezidenti sifatida sizni ishontirib aytmoqchimanki, xorijiy investitsiyalar uchun "ochiq eshiklar" siyosati bizning strategik ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Davlat hamkorlar va investorlar oldidagi majburiyat va kafolatlarni to‘liq bajaradi. Yanvar inqirozi bozor iqtisodiyotiga, qonun ustuvorligiga, xalqaro va ichki majburiyatlarni bajarishimizga ta’sir qilmadi. Aksincha, yanada takomillashtirishga turtki bo‘ldi”, deb ta’kidlaydi Qozog‘iston Prezidenti.
Uning fikricha, yanvar fojiasi mamlakat siyosiy va iqtisodiy tizimining xavfsizligi chegarasini ko‘rsatgan.
“Ishonchim komilki, barcha ma’lumotlarning oz fursatda rasmiy e’lon qilingani bizning harakatlarimiz mutlaqo asosli ekanligini va faqat mamlakat yaxlitligini saqlash, fuqarolarimiz va tadbirkorlik sub’ektlarining hayoti va mulkini himoya qilishga qaratilganligini ishonchli isbotlaydi”, dedi To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, iqtisodiy islohotlardan asosiy maqsad yalpi ichki mahsulotning o‘sish ko‘rsatkichlari va jahon reytingidagi o‘rinlari emas, balki qozog‘istonliklar turmush darajasini oshirishdir.
“Albatta, tadbirkorlarning yangi sinfini shakllantirmasdan, shuningdek, yuqori sifatli investitsiyalar oqimisiz bu maqsadga erishib bo‘lmaydi. Elita, korrupsiya va oligopoliyaga moyillik, alohida manfaatlar va imtiyozlarga barham berish to‘g‘risida xalqqa va halol biznesga bergan va’damiz to‘liq amalga oshiriladi”, deydi To‘qayev.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi