Qonga qon, jonga jon. Rossiya qanday holatda Ukrainaga bostirib kirishi aytildi

Olam

image

Rossiya dunyoning istalgan nuqtasida fuqarolarini himoya qiladi. Bu haqda mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Vladimir Chijov “The Guardian” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan

“Agar ular (ukrainlar) qayerdadir – Donbassdami yoki boshqa joyda Rossiya fuqarolarini qo‘pollik bilan o‘ldirishni boshlasa, biz ham munosib ravishda javob qaytarsak, hayron qolmaysiz”, deydi u. 

Shu bilan birga, Chijov, agar g‘azabini qo‘zg‘atilmasa, Moskva qo‘shni davlatga bostirib kirmasligini ta’kidlagan. 

Chijovga ko‘ra, hozirda Rossiyaning Ukraina chegarasidagi qo‘shinlari soni o‘tgan yilning sentyabr oyidagi “Zapad-21” mashg‘ulotlarida qatnashgan qo‘shinlar soniga teng, biroq u payt hech kim ortiqcha so‘z aytmagan. 

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarini yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.

Shuningdek, S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.

NATO ushbu harakatlarni “Sovuq urush” davridan buyon Belarus hududiga kiritilgan eng katta qo‘shin deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab rus qo‘shinlari joylashtirilgan.

Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar sabab Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi ortidan Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni, u yerda bo‘lib turganlardan mamlakatni tark etishni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.  

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.

Ma’lumot o‘rnida, bugun, 15 fevral kuni Rossiya parlamenti – Federal Majlisining quyi palatasi – Davlat dumasi yalpi majlisida Donbassning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk viloyatlari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bunda Donetsk va Lugansk xalq respubliklarini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi, shuningdek hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi loyihasi ovozga qo‘yilib, DXR va LXR mustaqilligini tan olish tanlandi

Qayd etish kerakki, 2008 yil Rossiya o‘z muxtoriyatiga qo‘shin kiritishni rejalashtirayotgan Gruziyani to‘xtatish uchun Osetiyada rossiyaliklar borligini vaj qilib, hududga qo‘shin kiritgandi. Yakunda ikki o‘rtada urush bo‘lib, Gruziya mag‘lub bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1141

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing