Qolganlarga dars bo‘lsin. Prezident Sayxunobodni orqaga tortayotganlarni birma-bir sanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda. 

Unda bugungi yig‘ilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni o‘rinbosarlari, banklar, “mahalla yettiligi” uchun saboq bo‘lishi aytildi. Davlat rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning o‘rni sezilmayotgani qayd etildi. Vaholanki, davlat ularga katta resurslar ajratmoqda.

O‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari o‘tgan yil soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan. Lekin bu mablag‘lar ish o‘rinlariga aylanmayotgani, kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygan. Ya’ni, banklar faqat qaytimni o‘ylab, oson yo‘l bilan resurslarni doimiy mijoziga beryapti. “Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketyapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti.

Sayxunobodda 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi deyarli o‘smagan. Mutasaddilar korxonalarga aylanma uchun pul berib, mahsulotni ko‘paytirishga e’tiborsiz bo‘lgani qayd etildi.

Bugungi kunda tumanda 1 million so‘mlik mahsulot yaratish uchun o‘rtacha 126 kilovatt-soat elektr sarflanyapti. Bu – viloyatning qolgan tumanlaridan 2 karra ko‘p. Sababi – 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘q. 

Vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotibdi. Yana uzoq yillardan beri bo‘sh turgan 5 ta ob’ekt auksionga chiqarilmagan.

Tumandagi birorta mahallada xomashyoni yetkazish, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish va kooperatsiya qilish bo‘yicha tayinli ish olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada mahalliy sanoatga mas’ul 13 ta uyushma Sayxunobodga 2023 yilda biror marta kelmagan. Bu yil uchun ham reja qilmagan.

Tumanning eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Masalan, Sayxunobod – aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Lekin buning 10 foizi ishlatilyapti, asosiy ekin – beda bilan makka bo‘lib qolgan.

Sayxunobodning 19 kilometr hududidan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun, “suv tekin” degan tushuncha o‘rnashib qolgan.

Tumanda 89 ta sholichilik fermer xo‘jaligida na lazerli tekislagich, na hisob-kitob bor. Shu o‘rinda, tumandagi 3 ming gektar sholi maydonlarida hosildorlik gektariga atigi 50 sentnerni tashkil qilmoqda.

Kanallarni betonlash rejasi 61 foizga bajarilgan, xolos. Bu viloyatdagi eng yomon ko‘rsatkich.

Prezident aytilgan muammolarning yechimlarini belgilab berdi. Eng avvalo, Sayxunobodda 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali, aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.

Mas’ullar 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, bu yil tadbirkorlik uchun beriladigan 200 milliard so‘m hisobidan ularni har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.
 
Bunda, mahallani “drayver” yo‘nalishidan kelib chiqib, tumandagi 17 mingta xonadon kesimida tomorqada qancha, sanoatda qancha, savdo va xizmatlarda qancha aholi band bo‘lishi aniq ko‘rsatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sirdaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing