Soliqchi, MIB xodimlari va advokat pora bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
25 aprel
10859Sirdaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida soliq inspektori, Majburiy ijro byurosi xodimi va advokat bo‘lib ishlagan shaxslar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Guliston shahrida faoliyat yurituvchi 3 ta MCHJning soliq qarzlarini, ushbu MCHJlarni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida esa soliq inspeksiyasi katta inspektori bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 2023 va 2024 yillar uchun yer solig‘idan aniqlangan 11 mln 200 ming so‘m miqdoridagi qarzdorligini bartaraf qilib berish evaziga 7 mln so‘m, shuningdek, ushbu fermer xo‘jalik rahbarining tanishiga tegishli noturar joyning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan 55 mln 100 ming so‘m qarzdorligini ham to‘liq bartaraf qilib berish evaziga 28 mln so‘m talab qiladi. U talab qilingan jami 35 mln so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi meva-sabzavot saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga sovitish ombori qurish va unga zarur bo‘ladigan agregatlar sotib olish uchun 2023 yilning yanvar oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 170 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratiladi. Ammo, olingan kreditni to‘lash davrida 3 oylik qarzdorlik yuzaga kelib, uni undirish maqsadida bank tomonidan Majburiy ijro byurosining Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limiga murojaat qilinadi.
Shundan so‘ng, MCHJ tomonidan kredit qarzdorligi to‘lansada, byuroning 2 nafar davlat ijrochisi MCHJ rahbarini aldab, go‘yoki tuman prokuraturasi tomonidan kredit mablag‘i maqsadsiz sarflanganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini aytib, uni javobgarlikka tortilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilishadi. MIB Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limining davlat ijrochilari so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ushlandi.
Jizzax shahridagi advokatlar hay’ati advokati Jinoyat Kodeksining 165- va boshqa moddalari bilan ayblanib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan o‘z himoyasidagi sudlanuvchiga nisbatan sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi