Qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
05 mart
2076“Qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaygan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 mart kuni Senatda o‘tayotgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, “qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaygan.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan.
Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib kelgan. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashgan. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetgan, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshgan.
“Oldingi 25 yil davomida bu tushunchalar bizga yot edi. Ko‘rib ko‘rmaslikka olinardi. Bularning hech biri o‘zidan-o‘zi bo‘lgani yo‘q. Hammasiga mashaqqatli mehnatimiz bilan erishdik. Eng muhimi – bularning hisobiga aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarimizga ishonchi mustahkamlandi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning yaqqol isboti emasmi? Barchamiz yaxshi tushunamiz, korrupsiyaga qarshi kurash jarayoni hech qachon aniq muddat bilan cheklanmaydi. Ushbu masalada faqat davlatning sa’y-harakati bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu – butun jamiyatimizning ishi”, dedi Prezident.
Shuningdek, kadrlarda fidoyilik, illatlarga qarshi kurashishda hamjihatlik yetishmayotgani bu boradagi eng katta kamchilik sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunning farqini yaxshi tushunish, mahallada, to‘y-marakada ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish ishlari bo‘yicha jamiyatimizda yaxshi tajribalar yetishmasligi qayd etildi.
Davlat rahbari bu borada turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganini, ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq bo‘lgani, hozir esa mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgarganini aytgandi. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.
LiveBarchasi