Qodirovning onasi ham “qora ro‘yxat”ga tushdi

Olam

image

Buyuk Britaniya Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova va u boshqaradigan Ahmad Hoji Qodirov nomidagi fondni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqdagi ro‘yxat Britaniya hukumatining saytida e’lon qilindi.

Cheklov qo‘yilgan shaxslarning aktivlari Buyuk Britaniya hududida muzlatiladi, shuningdek, ularga mamlakatga kirish taqiqlanadi.

Britaniya hukumati Aymani Qodirovani ro‘yxatga kiritilishiga asosiy sababi sifatida uning fondi va Rossiya hukumati o‘rtasida aloqalar borligini ko‘rsatgan. Qirollik uni “jalb qilingan shaxs” deb atagan. 

2022 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Aymani Qodirovani “ijtimoiy faolligi uchun” Faxriy orden bilan mukofotlagan edi. Mukofotni sharhlar ekan, Checheniston rahbari uning boshchiligidagi fond jangovar hududlarga muntazam gumanitar yordam yuborib kelayotganini eslatgan. Bu esa Qodirova qo‘li ostidagi fond Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi. 

O‘sha yili Qodirovning onasi “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan. 

Qodirovadan tashqari sanksiyalar ro‘yxatiga 11 nafar jismoniy va yuridik shaxs kiritilgan. Ular orasida: 

  • Tatariston bosh vazirining o‘rinbosari Laylo Fazliyeva;
  • Federal o‘smirlar markazi rahbari Valeriy Mayorov;
  • Rossiya qahramoni, Ahmad Hoji Qodirov nomidagi maxsus politsiya polki qo‘mondoni, harbiy operatsiya ishtirokchisi Zamid Chalayev;
  • Tatariston yoshlar ishlari vaziri Rinat Sodiqov;
  • Sobiq Davlat dumasi deputati, iste’fodagi militsiya general-leytenanti va Rossiya Federal kontrrazvedka xizmati general-mayori Aleksandr Gurov;
  • Ta’lim vazirligining Bolalar huquqlarini himoya qilish davlat siyosati departamenti direktor o‘rinbosari Anastasiya Akkuratova ham bor. 

Aymani Qodirova 2024 yilning iyun oyidan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. Qodirov onasining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini uning harbiy operatsiyani faol qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘lab, buni “sovg‘a” deb atagan. Moskva esa sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi va ularning bekor qilinishini talab qilib kelmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida “qora ro‘yxatga” Rossiya va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan Grinex kriptobirjasi, Qirg‘izistonning “Kapital Bank”i, Bishkekdagi “TengriCoin” va “Old Vektor” kompaniyalarini kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Ramzan Qodirov Aymani Qodirova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing