Qodirovani himoya qilayotgan advokat iste’fo berdi
Olam
−
07 Oktabr 2019
19807Joriy yilning 23 sentyabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida sobiq general, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida o‘z joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning advokati ushbu ishni olib borishdan iste’fo berganini ma’lum qildi. Bu haqda advokat Mujde Tozbey Erden Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Xabaringiz bor, 23 sentyabr kuni deputat Shirin Unalning uyida o‘z joniga qasd qilgani aytilayotgan Nodira Qodirova oilasining vakilligini Dastlab bolalar va ayollar uyushmasi o‘z zimmasiga olgan edi. Nodiraning oilasi bilan 25 sentyabrda aloqa o‘rnata oldik va shunday buyon advokatlik faoliyatimizni olib bordik.
Bu vaqt ichida biz hech kimga bo‘yin eygmay, Nodiraning shubhali o‘limi bilan bog‘liq haqiqatlar yuzaga chiqishi va adolat qaror topishi uchun Nodiraning do‘stlari, OAV xodimlari, hamkasblarimiz va keng jamoatchilikning yordami bilan tergov-surishtiruv ishlarining apil-tapil tugatilishiga qarshi chiqib, Nodiraning shubhali vafoti haqida xabar berishga va bizni eshitishlariga harakat qildik.
Biroq, Nodiraning oila a’zolari bilan fikrlarimiz qarama-qarshi kelgani uchun, biz advokatlik vazifasidan iste’fo berishga qaror qildik. Bugundan boshlab, Nodiraning emas, balki Nodira singari xotin-qizlar uchun kurashishda davom etamiz”, deydi advokat.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta advokat Qodirovaning shubhali o‘limi bilan bog‘liq asl haqiqatlarni yashirish, odamlar e’tiborini boshqa tarafga qaratish va shu orqali ishni imi-jimida yopib yuborish uchun prokuratura Qodirovaga fohisha degan tamg‘ani qo‘yishga uringanini aytgan edi.
“Nodiraning fohishalik bilan shug‘ullanganmi yoki yo‘qmi, buni so‘rab, surishtirish tergov jarayonida marhumaning nomini bulg‘ash uchun qilingan harakatdir. Bu tergov yo‘nalishini o‘zgartirish va o‘zini oqlash uchun imkoniyat hozirlash demakdir”, degan edi Mujde Tozbey Erden.
LiveBarchasi