Qodirov To‘qayevdan darg‘azab bo‘ldi
Olam
−
18 iyun 2022
58537Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Rossiyaga hech qanday foydasi tegmaydi, biroq Moskva hammaga yordam beradi. Xususan, Rossiya Qozog‘iston va Belarusni qutqarib qolgan. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning DXR va LXRni tan olmaslik haqidagi bayonotidan keyin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ta’kidladi.
“Yevropa yetakchilari [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putinning oldiga keladi, telefon orqali muzokaralar olib boradi, ular Ukraina manfaatlarini himoya qiladi, bizning KXSHT a’zolarimiz, nega jim turasiz? Nega qo‘shnilaringiz haqida gapirmaysiz, nega urushni tugatishga harakat qilmaysiz? Nega ajdodlarimizni o‘ldirgan fashistlarga, banderalarga qarshi pozitsiyangiz yo‘q. Xuddi, hech narsa bo‘lmagandek, sanksiyalardan qo‘rqib, hamma jim”, deya KXSHT rahbarlarini tanqid qilgan Qodirov.
Checheniston rahbari o‘zi ham AQSH sanksiyalari ostida ekanini, biroq unga nisbatan qo‘yilgan cheklovlardan qo‘rqmasligini esladi.
Qodirovga ko‘ra, Rossiya Qozog‘iston va Belarusni qutqarib qolgan hamda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishda muhim rol o‘ynagan.
“Qozog‘iston suverenitetini yo‘qotishni boshlaganida, kim yordam berdi? Rossiya sanksiyalardan qo‘rqmaydi. Va agar davlatni tan olish kerak bo‘lsa, siz davlatlarni tan olasizmi, tan olmaysizmi bizga ahamiyati yo‘q.”, deydi Checheniston rahbari.
U Rossiya yaqinda Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida yaxshi natijalarni ko‘rsatishini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) ni tan olmasligi va ularni kvazi-davlatlar deb hisoblashini ma’lum qilgandi. To‘qayev xalqlarning o‘z davlatiga bo‘lgan huquqi va mavjud davlat chegaralaridan ajralib chiqish istagi dunyoning bo‘linishiga olib kelishini tushuntirgan.
LiveBarchasi