Qodirov Checheniston imomlarini 247 mln rubllik avtomobillar bilan siyladi  

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov mamlakatdagi barcha 309 nafar imomga Rossiyada ishlab chiqarilgan Lada Granta avtomobillarini sovg‘a qildi. Bu haqda “GrozniyTv” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya qahramoni Ahmad Hoji Qodirov nomidagi jamoat fondi nomidan imomlarga mashina sovg‘a qilingan va 100 ming rubldan pul tarqatilgan. Checheniston muftiysi Saloh Hoji Mejiyev hadyalarni o‘z egalariga topshirgan. 

G‘arb ekspertlarining fikricha, Rossiyada ishlab chiqarilgan yangi Lada Granta avtomobilining narxi 699 ming 900 rublni tashkil etadi. Hisob kitoblarga ko‘ra, avtomobillarning xaridi Qodirov "g‘aznasi"ga 247 mln rubldan ko‘proqqa tushishi mumkin. Bu esa fevral oyining avvalgi haftasidagi kurs bo‘yicha taxminan 2 mln 700 ming dollar degani.  

“Alloh Taoloning marhamati bilangina Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov bunday xayrli ishni amalga oshiryapti. U respublikaning barcha 309 nafar imomiga mashina va 100 ming rubldan (1000 dollardan ortiq) hadya berdi. Yaratgan uni yaxshiliklari uchun yaxshilik bilan mukofotlasin. Bu, shubhasiz, misli ko‘rilmagan saxovat”, degan Mejiyev taqdirlash marosimida.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yildan beri Ahmad Qodirov nomidagi mintaqaviy jamoat fondi Checheniston rahbari shaxsan nazorat qiladigan tashkilot sifatida AQSH sanksiyalari ostida qolmoqda. Ommaviy axborot vositalari jamg‘arma shaffof bo‘lmagan tarzda moliyalashtirilishini, jumladan, davlat xizmatchilaridan majburiy yig‘imlar hisobiga to‘ldirilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing