“Qochoq” Sobchak Isroilda ko‘rinish berdi. Onasi qizining qachon ortga qaytishini aytdi

Madaniyat-san’at

image

Tovlamachilikda gumonlangan va 15 yilgacha qamoq jazosi xavf solib turgan rossiyalik teleboshlovchi Kseniya Sobchak 26 oktyabr kuni Isroil pasporti bilan Belorus orqali Litvaga kirib borgan edi. O‘tgan kunlar ichida qayerda ekani noma’lum bo‘lib qolayotgan Sobchak kecha, 4 noyabr kuni Isroilda ko‘rinish berdi. U YouTube'dagi o‘zining “Ehtiyot bo‘ling. Sobchak” kanaliga Isroilda tayyorlagan reportajini yukladi va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga post joylashtirdi.

“Hamma Isroil fuqaroligini muhokama qilayotgan ekan, keling, har doim urush holatida yashaydigan, ammo negadir har bir fuqaro o‘zini kerakli va xavfsiz his qiladigan bu davlat bilan shug‘ullanaylik.

Isroil hozirda G‘arbning Rossiyaga joriy etgan sanksiyalariga qo‘shilmadi, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib bermayapti va allaqachon ikki marta tezlashtirilgan repatriatsiyani (vatanga qaytish) e’lon qilgan. Fevral oyidan beri 24 mingga yaqin rossiyalik va’da qilingan fuqarolikni olish uchun u yerga uchib ketgan. Ularning ko‘pchiligi bir maxsus operatsiyadan qochib, boshqasiga tutilganini bilmas edi. Isroilda siz eng yaqin bomba boshpanasini bilishingiz va havo hujumi signalining eshitishingiz bilan u yerga yugurishingiz kerak. Bunga aql bovar qilmas soliqlarni (daromadning 50% gacha), qimmat uy-joy va banklarni qo‘shing. Ammo, baribir Isroilga kelishyapti. Buning sababini tushunish uchun Isroilga ko‘chib o‘tishning ijobiy va salbiy tomonlari haqida video qildik”, deb o‘z videosini ilova qilgan jurnalist.

Sobchak o‘zi tayyorlagan video reportajda Isroilda yashayotgan bir nechta rossiyaliklar bilan suhbatlashgan va ushbu mamlakatdagi hayot tarzini ko‘rsatishga uringan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi tergovchisi Sobchak Rossiyada bo‘lmagan bir vaqtda uni “Rostex” rahbari Sergey Chemezovdan 11 million rubl undirish ishida gumonlanuvchi sifatida jalb qilish haqidagi qarorni bekor qildi. Endilikda Sobchak faqat guvoh sifatida ishga jalb etilishi mumkin. Bu haqda 28 oktyabr kuni TASS agentligi huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berdi.

Rossiyalik jurnalistlar uning onasini ham tinch qo‘yayotgani yo‘q. 2 noyabr kuni Sobchakning 71 yoshli onasi Rossiya parlamentining yuqori palatasi senatori (Tiva Respublikasi vakili) Lyudmila Narusova qizini qachon ortga qaytishi haqidagi savolga “tez orada” deb javob bergan. Rossiya matbuotida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Sobchakning senator onasi lavozimidan “uchishi” ham mumkin. Insayderlarga ko‘ra, qaror qabul qilingan va yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi. Ammo, senatorning o‘zi iste’fo haqidagi xabarlarni yolg‘onga yo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, Sobchak Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 163-moddasi 3-qismi “b” bandi (yirik miqdordagi mol-mulkni qo‘lga kiritish maqsadida tovlamachilik) bo‘yicha gumon qilingan edi.

Ushbu ish bo‘yicha Sobchakning tijorat direktori Kirill Suxanov va “Tatler” gazetasining sobiq bosh muharriri Arian Romanovskiy (Kuzmin) qo‘lga olingan. Sobchak Rossiya Federatsiyasidan qochib ketgan

Kseniya Sobchak Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning qizi bo‘lib, uning 1990 yillarda hamkori Vladimir Putin bo‘lgan. U Rossiya televideniyesida ko‘p ishlagan, mashhur shoularning boshlovchisi edi. 2011 yilgi Davlat Dumasiga saylovlardan so‘ng u norozilik aksiyalarida qatnashdi va Muxolifatni muvofiqlashtirish kengashiga qo‘shildi. 

Shundan so‘ng u bir necha yil "Dojd" telekanalida ishladi, telekanal muxbiri sifatida u Vladimir Putinning matbuot anjumanlarida qatnashdi. 

2018 yilda Sobchak prezidentlik saylovlarida qatnashib, ommaviy axborot vositalari saylovlarga e’tiborni qaratish va mamlakatda muxolifat borligini ko‘rsatish uchun uning nomzodi Kreml bilan kelishilganini yozdi. Uning o‘zi bu ayblovlarni rad etgan.

Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, rossiyalik jurnalistlarga bosim sezilarli darajada oshdi, ma’muriy va jinoiy kodekslarga armiyani obro‘sizlantirish va harbiy feyklarga oid moddalar kiritilgani sababli yuzlab ommaviy axborot vositalari xodimlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kseniya Sobchak

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing