Qochqinlar muammosi. Yevrokomissiya Polsha, Litva va Latviyani insofga chaqiryapti
Olam
−
01 dekabr 2021 4825 2 daqiqa
Yevrokomissiya Polsha, Litva va Latviyaga Belarus bilan chegaralarida migratsiya inqirozi fonida favqulodda vaqtinchalik choralar ko‘rishni taklif qildi. Gap migrantlarni qabul qilish tartibini soddalashtirish haqida ketmoqda.
Bu haqda Yevrokomissiya vitse-prezidenti Margaritis Sxinas Yevrokomissiyaning ichki ishlar bo‘yicha vakili Ilva Yuxansson bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar, agar ular uzaytirilmasa yoki bekor qilinmasa, 6 oy ichida qo‘llanilishi va Belarusdan Yevropa Ittifoqiga noqonuniy ravishda kelgan yoki chegara yaqinida joylashgan Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlar fuqarolariga tegishli bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Sxinasning so‘zlariga ko‘ra, Polsha, Litva va Latviyaga boshpana so‘rovlarini ro‘yxatga olish muddatini hozirgi 3-10 kun o‘rniga 4 haftaga uzaytirish taklif qilingan.
Boshpana olish uchun ariza berish jarayoni 16 haftagacha davom etishi mumkin.
Shuningdek, “uchta davlat xalqaro himoya olish uchun arizalari rad etilgan shaxslarni chiqarib yuborishning soddalashtirilgan tartiblarini qo‘llashi mumkin”, deydi Yevrokomissiya vitse-prezidenti.
“Bugun biz Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni ushbu favqulodda vaziyatni inson huquqlarini buzmasdan hal qilish va chegaralarimiz va fuqarolarimizni himoya qilish uchun qo‘llab-quvvatlayapmiz. Bu mamlakatlarga boshpana huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlash va o‘z qonunchiligini Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiqlashtirish imkonini beradi”, deydi Ilva Yuxansson o‘z navbatida.
Chegaradagi vaziyat
Joriy yilning noyabr oyida Belarus va Polsha chegarasi yaqinida asosan kurdlardan iborat muhojirlar guruhi tuzildi, ularning soni 2 ming kishidan oshdi. Muhojirlar Polsha bilan chegarani Grodno viloyatidagi “Bruzgi” nazorat-o‘tkazish punktida buzib o‘tishga uringan, biroq urinish Polsha xavfsizlik kuchlari tomonidan maxsus texnika yordamida to‘xtatilgan. Belarus hukumati muhojirlarni joylashtirish uchun chegara posti yaqinida joylashgan transport-logistika markazini tayyorlagan.
Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek AQSH va Buyuk Britaniya Belarus hukumatini inqirozni keskinlashtirishda aybladi. Belarus Davlat chegara qo‘mitasi, o‘z navbatida, Polshani inqirozli vaziyat yaratib, muhojirlarni Belarus chegarasiga surib qo‘yganini aytmoqda. Minsk bo‘layotgan voqealar Varshavaning “befarqligi va g‘ayriinsoniy munosabati” tufayli yuzaga kelgan, deb hisoblaydi.
Ayni paytda, ba’zi muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng uylariga qaytmoqda.
Xususan, noyabr oyida Iraqi Airways Iroqqa uchta evakuatsiya reyslarini amalga oshirib, ular bilan Belarus hududi orqali Yevropa Ittifoqiga kirishga uringan muhojir fuqarolarni uylariga qaytardi. Shuningdek, migrantlar yakka tartibda uylariga qaytmoqda. Shu bilan birga, savdo-logistika markazidagi qochqinlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga gumanitar koridorni kutib, o‘z vatanlariga qaytish istagini bildirmagan.
Live
Barchasi