Qobul ISHID va “Tolibon” o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkinligi aytildi
Olam
−
27 avgust 2021
12701Qobul ISHID va Afg‘onistonni o‘z nazoratiga olgan “Tolibon” harakati o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkin. Bu haqda NATO vakili, Afg‘onistondan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini muvofiqlashtiruvchi Italiyaning Pokistondagi sobiq elchisi Stefano Pontekorvo “Messaggero” nashriga bergan intervyusida ta’kidlagan.
Uning fikricha, Qobul aeroportidagi hujumlar hozircha vaqti-vaqti bilan bo‘lib turibdi.
“Yaqin kelajakda Qobul ISHID va “Tolibon” o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkin”, degan diplomat.
Shu bilan birga, u hozirgi bosqichda “Tolibon” ISHIDni to‘xtata olmasligini, chunki uning hech qanday boshqaruv tuzilmasi yo‘qligini aytgan.
“Toliblar uni qayta tiklamoqchi, lekin bunga vaqt kerak. Shuningdek, ular hududni to‘liq va mutlaq nazorat qila olmaydi, ularda buning uchun yetarli miqdordagi odamlar ham yo‘q”, degan diplomat.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi