Qobiljonning vahshiy qotili hibsga olindi
Olam
−
11:54 17335 2 daqiqa
Rossiyaning Moskva yaqinidagi Odinsovo shahri Gorki-2 aholi punktidagi maktabga pichoq bilan kelib, ushbu maktabning 4-sinfida o‘qiydigan tojik millatiga mansub 10 yashar o‘quvchini qasddan o‘ldirishda ayblanayotgan o‘smir hibsga olindi. Ushbu qaror kecha, 18 dekabr kuni Moskvaning Tver shahar sudi tomonidan chiqarildi.
“Sud Tergov qo‘mitasining qotillik va qotillikka urinishda ayblanayotgan 15 yoshli voyaga yetmagan shaxsni hibsga olish to‘g‘risidagi iltimosini qanoatlantirdi. Sud ayblanuvchini ikki oyga hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi”, deyiladi hujjatda.
Qobiljon fojiasi
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.
Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.
18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi.
Live
Barchasi