G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlandi

Olam

image

Bugun, 4 mart kuni Misr poytaxti Qohirada blokadadagi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom ettiriladi. Bu haqda yuqori martabali misrlik amaldorga tayanib, “Al-Qahera News” telekanali xabar berdi.

“Misr, Qatar, HAMAS va AQSH ishtirokidagi muzokaralar erta tongda boshlanishi kutilmoqda”, deydi manba.

Misr matbuoti kecha, 3 mart kuni HAMAS, Qatar va AQSH delegatsiyalari yana Qohiraga yetib kelganini yozdi. Biroq Isroil tomoni G‘azo sektoridagi isroillik mahbuslarning ism-shariflari ko‘rsatilgan ro‘yxatni olmaguncha, Misrdagi muzokaralarda qatnashmasligini ma’lum qilgan.

Ismini oshkor qilmagan misrlik yuqori martabali mulozim Ramazon oyi oldidan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ma’lum “siljish” borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Misr Ramazongacha Falastin anklavida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. 

"O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ko‘zga ko‘rinadigan siljish bor va biz adolatli kelishuvga erishishga harakat qilmoqdamiz", deydi rasmiy.

Ma’lumot uchun, Tel-Aviv va HAMAS 13 fevral kuni Qohirada mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuv doirasida muzokara o‘tkazgan. Keyinroq Isroilning “Mossad” razvedka boshqarmasi direktori David Barnea, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns, Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, Misr razvedka boshqarmasi rahbari Abbos Kamol va HAMAS delegatsiyasi ishtirokidagi muzokaralar 24 fevralgacha davom etdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Ramazon oyida G‘azoni bombardimon qilishni biroz to‘xtatib turishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Qohira Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing