Qizlar qiz bo‘lib tug‘ilganidan nafratlanmasin... Jamoatchilik ta’limdagi adolatsizlikka nima deyapti?
Tahlil
−
21 Sentabr 2023
10915Kecha, 20 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ sayti kirish imtihonlarida maksimal –189 ball to‘plasa ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganlar haqida videomaterial e’lon qilgan edi. “Zaring yo zo‘ring bo‘lmasa biliming bir tiyin. O‘zbekiston bu!” deb nomlangan ushbu videomaterial ijtimoiy tarmoqlarda faollarning muhokamalariga sabab bo‘ldi.
17 soat ichida ushbu videomaterialni YouTube platformasida 210 mingdan ortiq foydalanuvchi tomosha qildi.
Masalan, farg‘onalik jurnalist Sharifa Murod (Madrahimova) ushbu videoni “hamma ko‘rishi va fikr bildirishi shart” bo‘lgan material sifatida ko‘rsatdi.
Adliya vazirining til bo‘yicha maslahatchisi, jamoatchilik faoli Shahnoza Soatovaning aytishicha, QALAMPIR.UZ’ning 189 ball to‘plab ham JIDUga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlarga tutgan mikrofoni achchiq reallikni namoyon qilmoqda.
Shahnoza Soatova: — Yoshlarga umidini qaytirib bering
— Yana o‘sha mavzu: oliy o‘quv yurtiga kirishda imtiyozlar! Faqat bu safar muammoning insoniy qiyofasi bor: imtiyoz qurbonlari – yoshlar adolatsizlikdan ko‘ziga yosh olyapti. Ayniqsa, qizlarga achindim. “Men o‘g‘ildan o‘taman derdim. Shuncha harakat qilib maksimal ball olsam ham, grantga kirolmadim. Ota-onamga 25 millionlik zarar keltirdim. O‘zimdan nafratlandim: shu ballni olganimdan, qiz bola bo‘lib tug‘ilganimdan nafratlandim!” deyapti bir qiz.
Chunki, bu qiz-yigitlarning davlat grantida o‘qish huquqi boshqa bir toifa – “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga imtiyoz qilib berib yuborilgan. Boshqa toifalardan farqli ravishda ushbu hamma sharoitlarga ega ilg‘or maktab bitiruvchilari oddiy qishloq maktabi bitiruvchilari bilan bitta kurash maydoniga tashlangan. Yoshlar juda tushkun kayfiyatda va bu kayfiyat o‘z tengdoshlariga ham yuqadi, keng tarqaydi.
Axir, bu yoshlar! Mamlakatimizdagi eng katta qatlam. Ularning umidlarini bu tarzda olib qo‘yish mumkin emas. Buning ijtimoiy-siyosiy oqibatlarini kattalar yaxshi tushunishsa kerak. Ushbu vaziyatni o‘rganinglar, o‘zgartiringlar, yoshlarga umidini qaytarib beringlar. Adolat qilinglar!
Bloger Nurbek Alimov bu holatda ham qizlarga nisbatan adolatsizlik bo‘lganiga urg‘u bergan.
“Orzudagi O‘zbekistonda qizlar qizbola bo‘lib tug‘ilganlaridan afsus qilmasliklari kerak”, degan u o‘zining Telegram kanalida.
Ta’lim va yoshlar masalalari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi “Masofata’lim” kanalida esa video ilova qilingan tarzda shunday izoh joylandi:
“Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirish uchun testda maksimal — 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilarining imtiyozlari sababli kontraktda o‘qishga majbur bo‘layotgan qizning gaplari.
Mana shu muammo haqida juda ko‘p bor gapirildi. Vazirlik ham, Bilimni baholash agentligi ham, boshqasi ham bunga jiddiy yondashgani, muammoni hal qilishga urinayotgani ko‘rinmadi. 2021-yillarda bo‘lgani kabi yana yopiq qozon yopig‘ligicha qolishini kutishyapti, shekilli”.
“Davletov.uz” kanali esa bu holatni “189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari imtiyozlari sababli kontraktda o‘qishga majbur bo‘layotgan abituriyentlar dardlari”, deya baholadi.
Facebook faollaridan biri Mo‘minjon Mo‘ydinov esa bu videoga Boborahim Mashrab so‘zi bilan izoh bergan:
Ovsarni siylab ovloqda,
Oshini maqtab tovoqda,
Oqilni qiynab sirtmoqda,
Loylarga qorgan dunyosan.
Yana bir faol Akmaljon Ohunjonov esa O‘zbekistonda ta’lim tizimi bilan bog‘liq bu holatni mashhur “Cho‘qintirgan ota” asaridagi bir epizodga qiyoslagan.
“Cho‘qintirgan ota” kitobi va kinofilmi bir umr qonunlarga rioya qilib yashagan va o‘z kelajagini Amerika qonunlariga ishonib topshirgan asli italyan o‘likxona rahbarining Don Vito Karleone bilan suhbati sahnasi bilan boshlanadi. Don Karleone nima sababdan shuncha vaqt eslamasdan aynan hozir menga murojaat qilyapsan, degan savoliga o‘likxona rahbari shunday mazmunda javob beradi: men butun umr qonunlarga bo‘ysunib yashadim va bu yurtda o‘z kelajagimni va farzandlarim kelajagini ko‘rdim, lekin, afsuski, yagona qizimni bir boyning o‘g‘li nafsoniyatiga tegib, urib-tepib yuzini rasvo qilib tashladi. U endi avvalgiday go‘zal bo‘lmaydi. Qonunan chora ko‘rish uchun sudga berdim, lekin, afsuski, qonunlardagi boylarga nisbatan imtiyoz tufayli u jazodan qutilib qolyapti. Sizdan men va qizim uchun ijtimoiy adolatni tiklab berishingizni so‘rayman”.
Manabu o‘qishga kirish uchun maksimal 189 ball yig‘gan, lekin shunda ham kontrakt asosida qabul qilingan yoshlarimiz ham xuddi shu ahvolda. Ijtimoiy adolatga va jamiyatdagi tenglik tushunchasiga ishonchlari yo‘q. Bu muammo jamiyatning jiddiy kamchiligi, bugun boshqasining boshiga tushsa, ertaga siz yoki bizning boshimizga tushishi muqarrardir. Hukumatimiz va mas’ullar masalaga vaqtinchalik emas adolat nuqtai nazaridan yechim topishi lozim”, degan u o‘z izohida.
Jurnalist va yozuvchi Furqat Alimardon esa 189 ball olib ham davlat grantiga ega chiqolmayotganlar haqida shunday deydi:
“Bir kun kelib sening holingga to‘ng‘izlar yig‘laydi, maymunlar kular... Kecha kimningdir nega bizdan Nobel mukofoti oladiganlar chiqmaydi degan savolini o‘qidim. Mana, nima uchun chiqmasligiga sabab. Aslida bu yuzlab sabablardan bittasi, xolos”.
Taniqli shoir Najmiddin Ermatov esa vaziyatga munosabatini bildirar ekan, “beixtiyor odamning yig‘lagisi keladi...” deya videoga o‘z she’ridan iqtibos keltirdi.
“O‘zbekiston, avaylagin bolalaringni,
Boshin sila qoshu ko‘zi qoralaringni.
Bugun omon qolsa, ertaga ular
Bog‘lab qo‘yar yetmish yillik yaralaringni...
Ushbu holat haqidagi maxsus intervyularni QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi