Zaring yo zo‘ring bo‘lmasa biliming bir tiyin. O‘zbekiston bu!
Intervyu
−
20 Sentabr 2023
21211Tasavvur qiling, siz oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirgandingiz. Test topshiriqlarida 100 foizlik natija qayd etib, 189 ball – eng yuqori natija bilan o‘qishga kirdingiz ham. Hamma orzu qiladigan natijani qo‘lga kiritgan bo‘lsangiz ham baribir davlat granti asosida emas, kontraktda o‘qiysiz. Shunday bo‘lishi mumkinmi? O‘zbekistonda hamma narsa mumkin!
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga bu yil o‘qishga kirgan bir necha talabalar ayni shunday muammo bilan murojaat qilib, QALAMPIR.UZ ostonasiga keldi. Ular kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan bo‘lsa-da, ularga berilishi kerak bo‘lgan davlat grantini imtiyozlilar ilib ketgan. Qanday qilib deysizmi? Bu haqda yaxshisi ularning o‘zidan eshiting.
Ushbu holat haqidagi maxsus intervyularni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
“Dastlab to‘plagan ballarimiz e’lon qilinganda oilamiz bilan juda xursand edik. Chunki men eng yuqori balni to‘plagandim. Lekin mandat chiqqanidan so‘ng “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kontrakt asosida qabul qilindingiz”, deb xabar keldi. Buni ko‘rib hammamizning kayfiyatimiz tushib ketdi”, deydi Navoiy viloyatidan Muxlisa Ergasheva.
Gap shundaki, O‘zbekistonda bir qancha toifa vakillariga – nogironligi bo‘lgan shaxslar, Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga, kamida 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlarga, shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari, ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini qo‘lga kiritgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar berilgan. Mazkur imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlari ajratilgan bo‘lib, ular oddiy abituriyentlardan alohida tarzda bellashadi va talabalikka tavsiya etiladi. Ammo ta’lim tizimida yana bir imtiyoz borki, bu imtiyozga ega chiqqanlarga harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirsa, o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa OTMda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi va oddiy abituriyentlar, hech qanday imtiyozi bo‘lmaganlar bilan bellashadi. Bular – “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari.
“189 ball O‘zbekistonda eng yuqori o‘tish bali hisoblanadi. Chunki o‘quvchi bironta ham xato qilmagan taqdirdagina bu balni to‘play oladi. Ammo bu yil ham doimgidek maksimal balni qo‘lga kiritsa-da, bir qancha abituriyentlar to‘lov-shartnoma (kontrakt) asosida talabalikka tavsiya etilmoqda. Bu adolatsizlik! Fikrimcha, davlatimiz bu muammoni hal qilish uchun boshqa imtiyozlilar qatori “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga ham alohida kvota ajratib, ularni o‘z imtiyozdoshlari doirasida kurashishga chaqirishi kerak. Masalan kirish imtihonlarida harbiylarning farzandlariga alohida kvota ajratilgan va ular faqat harbiylarning farzandlari bilan kurashadi. Ular bizdek oddiy oila farzandlariga halaqit qilmaydi. “Temurbeklar maktabi”ni bitirganlar ham shunday qilishi kerak aslida”, degan Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridan Sanjarbek Tilaboldiyev.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga bu yil o‘qishga topshirgan va eng yuqori balni to‘plasa ham to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan boshqa bir talaba –Andijon viloyatidan Muhayyo Abduvohidova esa bu holatdan g‘azabda ekanini yashirib o‘tirmadi.
“To‘g‘risi, menga oddiy oilaning farzandisan, hech qanday imtiyozing yo‘q, sen Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirolmaysan, deb aytishardi. Men esa maksimal darajada tayyorlanaman, albatta, grant asosida o‘qishga kiraman, deb javob qaytarardim. Ammo, afsuski, ular haq bo‘lib chiqdi. Men maksimal ball to‘plasam ham baribir kontraktda o‘qiyapman. Men qiz bolaman,“Temurbeklar maktabi”da o‘qiyolmayman. U yerda faqat yigitlar o‘qiydi. Xo‘sh, men nima qilay? Oddiy oilaning farzandiman. Hech qanday imtiyozim yo‘q. “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari o‘g‘il bola bo‘lgani uchungina davlat granti kvotamni olib qo‘ydi, deb hisoblayman”, deydi alam bilan Muhayyo.
O‘zi kirish imtihonlarida maksimal balni qo‘lga kiritganlar ko‘p emas. Atigi 61 nafar. Ammo “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga OTMga o‘qishga kirishda 15 foiz qo‘shib berilishi hisobiga mazkur maktabning ayrim bitiruvchilarining imtihon ballari imtiyozlar bilan birga amalda to‘plash mumkin bo‘lgan eng maksimal 189 balldan ham oshib ketadi va mana shu eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan imtiyozsiz, oddiy abituriyentlarning grantlarini olib qo‘yadi.
Va bu holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Ammo imtiyozsiz abituriyentlar eng yuqori balni qo‘lga kiritish uchun ozmuncha mehnat qilmagan. Ular necha-necha kunlarni uyqisiz, och o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Xo‘sh, ularning aybi nima? Xarbiyning bolasi bo‘lmagani yo “Tumurbeklar maktabi” emas, oddiy qishloq maktabida o‘qiganimi?
“5 yildan ko‘proq vaqt davomida, 7-sinfdaligimdan mustaqil ravishda tarix fanidan tayyorlandim. Shu fandan joriy yilgi olimpiada ishtirokchisiman. IELTS sertifikatim bor, ona tili fanidan ham 3 yil davomida Bilimlar bellashuvi ishtirokchisiman. Buncha balni to‘plash uchun tunu kun o‘qish kerak. Sog‘liqdan, moliyaviy tomondan, albatta, muammolar bo‘ladi. Bu depressiyaga olib keladi. Eng yomoni oilangizning sharoitini ko‘rib turasiz va pul so‘rashga majbur bo‘lasiz...” deydi ko‘zlarida yosh bilan jizzaxlik Aziza Ahadova.
Shu yilning 23 avgust sanasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2023/2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari yakunlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan edi va unda jurnalistlar 189 ball olgan abituriyentlarning kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingani haqida mas’ullarga yuzlangan edi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbari Majid Karimov shunday degandi:
“189 eng maksimal ball, bu balni olgan hech qaysi abituriyent e’tibordan chetda qolmaydi. Bu masalani davlat komissiyasi ham ko‘radi. 189 ball olib kontraktga kirsa, bu juda katta muammo. Bu o‘rganiladi. Balki “Temurbeklar maktabi” ham alohida parametrga kiritilar. Bu qizlarimiz baland ball olib, nohaqlikka duch keldi, degani emas. Biz ham bu narsani tahlil qilib, davlat komissiyasiga taklif sifatida kiritamiz”.
Shuningdek, anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining qabul jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov maksimal ball olgan abituriyentlarga Prezident granti berilishi haqida ma’lumot bergandi.
“Har yili eng yuqori natija qayd etgan 200 nafar abituriyentlarga Prezident granti beriladi. Bu bo‘yicha tahlillar olib borilyapti. Albatta, 189 ball olgan abituriyentlar ajratilgan kvotalarga tushsa kerak. Sababi hozir tahlillar o‘z yakuniga yetmadi”, deydi Abdusamat Mamanazarov.
Uning bu gapga ishonib vazirlik eshigiga borgan talabalarning umidi puchga chiqdi. Mana yarim oydirki, na Prezident grantidan umid bor va na mas’ullar aytgan e’tibordan.
Abituriyentlardan birining ustozi To‘lqin Ro‘zmatov bu haqda QALAMPIR.UZ’ga shunday dedi:
“Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizomga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga ega.
“Men huququshunos emasman”, lekin bu yerda ko‘rsatilgan normada kamchilik mavjud va belgilangan “teng huquqlilik”, prinsipi ishlamayapti. Chunki, bu yerda nazarda tutilgan eng yuqori ball imtiyozlar orqali ham vujudga kelishi ham mumkin. Gapning “o‘g‘il bolasi”: hammani boshini bunday og‘ritmasdan imtiyozlarni bekor qilish kerak. Tamom”.
Bugun bu talabalar o‘zlari bilan sodir bo‘lgan ishni adolatsizlik, deb atamoqda. Ularning aytishicha, O‘zbekistonda bu holat davom etar ekan oddiy maktab bitiruvchilarining o‘qishga qiziqishi so‘nib ketadi. Ular ta’limdagi tenglikka, adolatga ishonmay qoladi va tezroq mamlakatni tark etish haqida bosh qotirishni boshlaydi.
“Men qiz bola bo‘lib tug‘ildim. Lekin yoshligimdanoq ota-onamga ortiqcha muammo keltirmaslikka harakat qildim. Katta bo‘lsam ularga naf keltiradigan qiz bo‘laman, har qanday o‘g‘ildan o‘taman, derdim. Ammo mana, ularga har yillik 25 million zarar keltiradigan bo‘ldim. To‘g‘risi, o‘zimdan o‘zim nafratlanib ketyapman. Shu o‘qishga topshirganimdan, shu balni olganimdan va qiz bola bo‘lib tug‘ilganimdan!” dedi afsus bilan Muhayyo Abduvohidova.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun jami 43 ta turdagi imtiyoz bor.
Yangi o‘quv yilida talabalik oltin damlarining ilk kunlarini o‘quv xonalari, kutubxonalarda emas yutug‘ini “Temurbeklar maktabi”ning imtiyozlilari olib qo‘ygani uchun vazirlikma vazirlik, idorama idoraga chopib o‘tkazayotgan bu talabalarning dardiga quloq soladiganlar bormi? Agar bir abituriyentga beriladigan imtiyoz boshqa bir abituriyentlarning huquqini buzib, e’tiroz keltirib chiqarayotgan bo‘lsa, balki uni yo‘qotish kerakdir.
LiveBarchasi