Qizil to‘y: AQSH Erondagi to‘y marosimiga atayin zarba bergan(mi?)

Olam

image

Eron janubida to‘y marosimi vaqtida uyga berilgan zarba ehtimol AQSH harbiylari qo‘llagan o‘q-dori vositasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasi oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mamlakat mazkur hodisani tekshirayotganini jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, AQSH harbiylari xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirda, bunday holatlardan saboq chiqarib, keyingi amaliyotlarni yaxshilashga harakat qiladi.

“Biz buni tekshiryapmiz, chunki bunday holat biz uchun muhim. Nima bo‘lganini bilgimiz keladi”, degan Vens jurnalistlarga.

AQSH harbiylari ham Eron tomonidan tarqatilgan xabarlardan xabardor ekanini bildirgan. Biroq Pentagon tinch aholini hech qachon nishonga olmasligini ta’kidlagan. 

Nomi oshkor etilmagan AQSH rasmiysi hukumat to‘ydagi qurbonlarga olib kelgan holat bo‘yicha bir nechta ehtimolni ko‘rib chiqayotganini aytgan. Ular orasida hodisaga AQSH zarbasi sabab bo‘lgani, Eron havo mudofaasi raketacining boshqa nishondan qaytib tushgani yoki nishonni ushlashga mo‘ljallangan raketa adashib ketgani kabi versiyalar bor.

“Reuters” hodisa joyidan olingan va agentlik tomonidan tasdiqlangan foto hamda videolarni harbiy qurollar bo‘yicha 4 nafar ekspertga taqdim etgan. Mutaxassislar vayronagarchilik xususiyati boshqa nishonga urilgan o‘q-dorining rikosheti emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbaga mos kelishini bildirgan.

Ekspertlarning 3 nafari qo‘llangan o‘q-dori ehtimol Eron havo mudofaasi raketaci emas, balki AQSH quroli bo‘lganini aytgan. Ulardan biri qurol o‘z nishonlarini shunchaki mo‘ljaldan adashtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Eron davlat televideniyesi kecha, 3 sentyabr kuni to‘y vaqtida zarba berilgan uyda bo‘lgan 22 yoshli ayol shifoxonada vafot etganini xabar qilgan. Shu bilan hodisada halok bo‘lganlar soni 5 kishiga yetgan, Eron rasmiylari esa qariyb 70 kishi yaralanganini bildirgan.

3 sentyabr kuni kechqurun Kuhestak qishlog‘ida halok bo‘lganlar uchun janoza marosimi o‘tkazilgan. To‘yda halok bo‘lgan 4 kishining jasadlari tobutlarda olib chiqilgan, marosimda mahalliy aholi va harbiylar ishtirok etgan.

Eronning “Mehr” axborot agentligi tarqatgan videoda palma barglari ostida bayroq bilan yopilgan tobut olib ketayotgan avtomobil aks etgan. Agentlik xabarchisi marhumlar orasida 4 yoshli Amir-Muhammad Karimi ham borligini aytgan.

Marosimda ishtirok etgan mahalliy aholi vakillaridan biri to‘y marosimidagi hujumni tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ob’ekt zarbaga uchraganida ham bu qadar og‘riqli bo‘lmas edi, ammo odamlarning quvonchi motamga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, mudhish hodisa 1 sentyabr kuni Eron janubidagi Siyrik okrugining Kuhestak qishlog‘ida sodir bo‘lgan. AQSH shu kuni Hormuz bo‘g‘ozi sohili bo‘ylab Eronning harbiy nishonlariga zarbalar berganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing