Qizil to‘y: AQSH Erondagi to‘yxonaga zarba berdi. Bolalar va ayollar qurbon bo‘ldi (video)
Olam
−
12:40 2087 3 daqiqa
Eron rasmiylari AQSH harbiylari mamlakat janubidagi Surik shahrida to‘y marosimi o‘tkazilayotgan uyga zarba berganini, oqibatda kamida 5 kishi, jumladan yosh bola halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning aytishicha, “shafqatsiz” hujum bugun, 2 sentyabr kuni ertalab Surik shahridagi Kuhestak aholi punktida joylashgan uyga uyushtirilgan. Uning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida ayollar va bolalar ham bor 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan yoki jarohatlangan.
Eronning “Press TV” telekanali kamida 5 kishi halok bo‘lganini xabar qilgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Husayn Kermonpur ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida halok bo‘lganlar orasida yosh bola ham borligini yozgan. U, shuningdek, hujumdan keyin hududda elektr ta’minoti va telefon aloqasi uzilganini ma’lum qilgan.
Eron Qizil Yarim Oy jamiyati tarqatgan videolarda binolardan birining devorlari va derazalari portlash oqibatida vayron bo‘lgani, yerda esa qurilish materiallari sochilib yotganini ko‘rish mumkin. Tashkilot, shuningdek, bir nechta bolaning shifoxonada davolanayotgani aks etgan suratlarni ham e’lon qilgan.
Surik viloyati gubernatori Reza Shahidiyon davlat telekanali IRIB'ga bergan intervyusida hujum natijasida 63 kishi jarohatlanganini bildirgan. U jabrlanganlarning 50 nafari ayollar va bolalar ekanini aytgan. Gubernatorning ma’lum qilishicha, barcha jarohatlanganlar yaqindagi Minob shahridagi shifoxonaga olib borilgan va ularning ahvoli barqaror.
Yarim rasmiy “Fars” agentligi portlashdan omon qolgan bolaning hikoyasini ham tarqatgan. Bolakayning aytishicha, u voqea joyiga yetib kelishidan oldin qiruvchi samolyotlar ovozini eshitgan.
“U yerga kelganimizda portlash sodir bo‘ldi. U juda kuchli edi. G‘isht, tosh va sement yuzim hamda boshimga urildi, ko‘plab odamlar jarohatlandi. Hamma oddiy tinch aholi edi”, degan bola.
Bu xabarlar, avvalroq AQSH harbiylari Eronga qarshi yangi zarbalar to‘lqini boshlanganini ma’lum qilgani haqidagi xabarlardan keyin tarqaldi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi zarbalar Eronning harbiy ob’ektlariga qaratilganini va bunga Eron Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusining Hormuz bo‘g‘ozidagi tijoriy kemalarga qarshi hujumlarga urinishi sabab bo‘lganini bildirgandi.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Baqoiy xalqaro hamjamiyatni AQSH harakatlariga qarshi chora ko‘rishga chaqirgan.
“Bu shafqatsizlik undan oldin sodir bo‘lgan jinoyatlar zanjiridan alohida emas”, degan u.
Baqoiy urushning birinchi kuni Minob va Lamerd shaharlariga berilgan zarbalarni ham tilga olgan. Uning ta’kidlashicha, Minobda AQSH kuchlari boshlang‘ich maktabga zarba berishi oqibatida 150 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, Lamerdda esa sport zaliga berilgan zarba natijasida kamida 21 kishi halok bo‘lgan.
“Eron bu vahshiy jinoyatlarga qat’iyat bilan javob qaytaradi”, degan Baqoiy.
U xalqaro tashkilotlar va hukumatlarni hodisalarga nisbatan sukut saqlamaslikka chaqirib, bunday holatlarda jim qolish betaraflik emasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, yarim rasmiy “Tasnim” agentligi Kuhestakdan tashqari Eronning boshqa sohilbo‘yi shaharlarida ham portlashlar sodir bo‘lganini xabar qilgan. Ular orasida Konarak, Bandar-Abbos, Josk, Asaluye va Ahvoz shaharlari, shuningdek, Qeshm oroli bor.
Eron rasmiylarining AQSH to‘y marosimiga zarba bergani haqidagi ayblovi hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Live
Barchasi