Qiz farzandli bo‘lsa, uni axlatga tashlashini aytgan tiktokerga jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
10 Oktabr
68194Ijtimoiy tarmoqlarda "Sardor gangster" taxallusi bilan chiqishlar qilib kelgan Sardor Safarboyevga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Tiktokerning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xotin-qizlarni tahqirlovchi videosi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U o‘z sahifasiga joylagan videosida agar qiz farzandli bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmasdan uni axlatga uloqtirishini aytgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Fuqarolarning teng huquqliligini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, behayo chiqishlari bilan tanilgan tiktoker muqaddam ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan. U oldin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan va 10 sutkaga qamalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida bloger fuqarolarga to‘pponcha o‘qtalib, buni videoga olgandi. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud esa mazkur moddalarga asosan unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
LiveBarchasi