Qiynoqqa solinayotgan mahkumlar Senatning “esiga tushdi”
Jamiyat
−
19 noyabr 2022
10993Mahkumlarning huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun bugun, 19 noyabr kuni Senatning 35-yalpi majlisida ma’qullandi.
Qonunga ko‘ra, mahkumlarga nisbatan g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlaridan foydalanish, tinchlantirish ko‘ylagi (rubashka)ni qo‘llash qat’iyan man etiladi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi mazkur Qonun loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qonunda, shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda tutilyapti. Yana bir muhim jihat – mahkumlarning to‘g‘ri yo‘lga qaytayotganini baholovchi mezonlar belgilanadi. Mahkumlarni rag‘batlantirish masalalari, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish huquqlari ham qonundan o‘rin olgan.
Shu bilan birga, mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimonning xizmatidan foydalanishi huquqi ham ta’minlanadi.
Shuningdek, endilikda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning qamoqda haq to‘lanadigan ishlash davri umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ O‘zbekiston turmalaridagi qiynoqlar mavzusiga oid “Ichkaridagi ishlar” maxsus filmini e’lon qilgan edi. Unda joriy yilning 7 oktyabr kuni Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida vafot etgan mahkum Oyatullo Maxsumovning yaqinlari o‘z intervyulari davomida Oyatulloga qiynoq qo‘llangani, “rubashka” kiydirilib azob berilganini aytgan edi.
LiveBarchasi