Qiyomat bo‘lishini aytib, o‘zini “payg‘ambar” deb e’lon qilgan shaxs ushlandi

Olam

image

Bir necha oy davomida suv toshqini bilan bog‘liq “vahiylar” haqida da’volar qilib, Gana bo‘ylab xavotir uyg‘otgan Evans Eshun – Ebo Nuh nomi bilan tanilgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Joy online” xabar berdi.

Politsiyadagi manbalarga ko‘ra, Ebo Nuh 2025 yil 31 dekabr kuni hibsga olingan. Bu qaror amalga oshmagan qiyomat bashorati bilan bog‘liq voqealar ortidan qabul qilingan. Huquq-tartibot organlarini yuzlab odamlar, hatto qo‘shni davlatlardan kelganlar ham uy-joylarini tashlab, yuklari bilan Ebo Nuhning “kema” qurilayotgan hududiga yo‘l olgani tashvishga solgan. 

Ebo Nuh ilk bor 2025 yil avgustida jamoatchilik e’tiboriga tushgan. U o‘ziga insoniyatni uch yil davom etadigan global suv toshqinidan qutqarish uchun 10 ta zamonaviy kema qurish vazifasi ilohiy tarzda topshirilganini iddao qilgan. Uning aytishicha, yomg‘irlar 2025 yil 25 dekabrda, Injildagi Nuh to‘foniga o‘xshash tarzda boshlanishi kerak edi.

Bir necha oy davomida uning TikTok va YouTube sahifalarida 30 yoshli Ebo Nuhning yirtiq xalta kiyimida yog‘och kemalar qurilishini nazorat qilayotgani aks etgan videolar tarqaldi. U loyiha uchun 250 mingdan ortiq yog‘och material sotib olinganini, bu kemalar esa “iymonlilar uchun yagona panoh” ekanini aytgan.

Biroq Rojdestvo kuni osmonda hech qanday falokat alomatlari ko‘rinmagach, o‘zini “payg‘ambar” deb atagan Ebo Nuh tezda pozitsiyasini o‘zgartirgan. U uch haftalik ro‘za va ibodatlari orqali Xudoni falokatni “kechiktirishga ko‘ndirdim”, deb da’vo qilgan.

Shundan so‘ng, vaziyat yanada g‘alati tus olgan: Ebo Nuh mashhur reper Sarkodiening “Rapperholic 2025” konsertida sahnaga chiqqan. O‘zining odatiy xalta kiyimida u minglab tomoshabinlarga qiyomat kechiktirilgani sababli bemalol bayram qilish mumkinligini aytgan.

Bir necha oy davomida qo‘rquv va vahima tarqatgan shaxsning bunday ommaviy chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik uyg‘otgan. Ko‘plab foydalanuvchilar uni “jamoatchilikni aldagani” uchun darhol hibsga olishni talab qilgan. Shundan so‘ng u mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

payg'ambar Qiyomat Ebo Nuh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing