Samarqandda payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ni haqorat qilgan yigit qamaldi
3-sahifa
−
10 yanvar 31300 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs tomonidan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) haqorat qilingani haqidagi xabarlar keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Kecha, 9 yanvar kuni ushbu fuqaro 12 sutkaga qamaldi. Bu haqda Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Tekshiruvlar natijasida 2025 yil 30 dekabr kuni 2004 yilda tug‘ilgan shaxs internet ijtimoiy tarmog‘idagi o‘ziga tegishli profil orqali Telegram kanallaridan birining izoh qismida diniy adovatni targ‘ib qiluvchi ma’lumotni tarqatganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida shaxsning harakatlariga qonuniy baho berilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184³-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudining 2026 yil 9 yanvardagi qaroriga ko‘ra, mazkur shaxsning qilmishida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184³-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb topilib, unga nisbatan 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
“Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Unutmang, har qanday g‘ayriqonuniy qilmish uchun jazo muqarrardir”, deyiladi boshqarma xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet elda yurgan vaqtida ijtimoiy tarmoq orqali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilgan shaxs 4 yilga qamalgan edi.
Live
Barchasi